17:41 / 03.10.2020
83247

Boku Qorabog‘ bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun shartini ma'lum qildi

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Tog‘li Qorabog‘ nizosini bartaraf qilish bo‘yicha muzokaralarni bir tomonlama tartibda o‘tkazib bo‘lmasligini aytdi.

Foto: Official website of President of Azerbaijan Republic

"Muzokaralar to‘xtab qolgan. Chunki uning (Armaniston bosh vazirining) "Qorabog‘ – bu Armaniston" degan so‘zlaridan keyin men muzokaralara imkonsizligini aytdim. Biz tinch yo‘l topishni istaymiz, shuning uchun uzoq yillar kutdik va agar mana shu chalg‘ituvchi yondashuv bo‘lmaganidan muzokaralar davom etishi mumkin edi", - dedi Aliyev Qatarning "Al-Jazira" telekanaliga bergan intervyusida.

 Aliyevning fikricha, Armaniston bosh vaziri bilan uchrashuvlar ma'nosiz bo‘lgan va shunchaki rasmiy tusga ega xolos.

"U menga hudud qaytarilmasligini aytdi. Agar ular buni xohlashmasa, Minsk guruhi tomonidan uzoq yillar davomida ishlab chiqilgan tamoyillarga qarshi chiqsa va muzokaralarni yo‘q qilsa, nima haqida gaplashish mumkin? Muzokaralar bir tomonlama tartibda o‘tkazilmaydi", - dedi u.

Arman va ozar harbiylari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar — etnik nizoning navbatdagi epizodi bo‘lib, bu ziddiyat markazida Tog‘li Qorabog‘ maqomi bo‘yicha hududiy bahs turadi.

Sovetlar davrida bu hudud avtonom oblast sifatida Ozarboyjon SSR tarkibida bo‘lgan, ammo hudud aholisi orasida armanlar ko‘pchilikni tashkil etgan.

Mahalliy armanlarning Armaniston bilan birlashuv uchun harakatlari SSSR hukumati tomonidan bostirilishi oxir-oqibat mojaroga olib kelgan, SSSR parchalangach esa keng miqyosli urush boshlangan, harbiy harakatlar davomida etnik tozalashlar o‘tkazilgan, harbiy jinoyatlar sodir etilgan.

Urush 1994 yilda YeXHTning Minsk guruhi (Rossiya, Fransiya va AQSh) vositachiligida sulh tuzilishi bilan yakunlangan.

Sulh bitimidan keyin Tog‘li Qorabog‘ va uning atrofidagi yettita tuman arman harbiylari nazoratida qolgan. Bu hududda tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi tashkil etilgan. Boku esa bu hududni armanlar tomonidan bosib olingan o‘z hududi deb hisoblaydi.

Mavzu
Qorabog‘ urushi
12 iyul kuni Ozarboyjon shimoli-g‘arbidagi Tovuz viloyati hududida ikki davlat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top