13:03 / 03.10.2020
59229

Tanzila Norboyeva Namanganda majburiy ijro chog‘ida o‘ziga o‘t qo‘yib halok bo‘lgan ayol voqeasiga munosabat bildirdi

Namangan shahrida istiqomat qilgan 35 yoshli ayol 29 sentabr kuni ikki yarim yil muqaddam sotib olingan uyidan majburan chiqarmoqchi bo‘lgan MIB xodimlariga o‘z noroziligini bildirib, o‘ziga o‘t qo‘ygan va tanasining katta qismi kuyishi oqibatida vafot etgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Yangiqo‘rg‘on tumanida qilgan chiqishida ushbu voqeaga o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.

“Bu holatni men mutlaqo qoralayman. Balkim bu o‘rinda ayol qaysidir ma'noda nohaqdir, Majburiy ijro byurosi to‘g‘ri talabni qo‘ygandir.

Lekin shunda ham ayolning holatini tushunish mumkin edi. Oddiy gaplashganda ham kimdir charchab qolgan, kimdir asabiylashgan, kimdir o‘zini tutolmayotganini sezish mumkin. Bu ham ayb emas, uning salomatligida qandaydir muammo kuzatilayotgan bo‘lishi mumkin.

Mana shunday holatda Majburiy ijro byurosi o‘zining ichki qarori bilan ijroni ma'lum bir muddat keyinroqqa surishi, ayol o‘ziga kelgach, yaqinlari orqali tushuntirib, so‘ngra yana shug‘ullanishi mumkin edi.

Bu holatda Majburiy ijro byurosining ham xatosi bor, degan xulosaga keldim”, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida qilgan chiqishida.

Namangan shahar prokuraturasi tergovchisi Muzaffar Ismoilovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, majburiy ijro vaqtida o‘ziga o‘t qo‘yib halok bo‘lgan ayol voqeasi bo‘yicha shahar prokuraturasi JKning 103-moddasi 1-qismi (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Top