10:38 / 05.10.2020
26993

Samarqandda Tacuma’ning beton to‘siqqa urilishi oqibatida uch kishi vafot etdi

Tacuma haydovchisi “Toshkent-Nukus” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib borib, rul boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘lni ajratib turuvchi o‘rtadagi beton to‘siqqa urilgan.

2020 yilning 4 oktyabr kuni soat 20:30da Samarqand viloyati Narpay tumani Oqoltin MFY hududidan o‘tuvchi “Toshkent-Nukus” M-37 avtomobil yo‘lining 96-km.da yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, haydovchi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida yashagan 42 yoshli Z.B. boshqaruvida bo‘lgan Tacuma rusumli avtomashinasi bilan “Toshkent-Nukus” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib borib, rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘lni ajratib turuvchi o‘rtadagi beton to‘siqqa urilib, yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan.

Natijada, haydovchi Z.B. va yo‘lovchi, 26 yoshli N.A. voqea joyida, boshqa bir yo‘lovchi, 37 yoshli M.S. esa olgan tan jarohatlari oqibatida tuman tibbiyot birlashmasida ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan.

Shuningdek, avtomashinada bo‘lgan yana ikki nafar yo‘lovchi, 41 yoshli X.Q. va uning ukasi J.Q. turli xildagi tan jarohatlari olib, tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Narpay tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi shu kunning o‘zida viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi ma'lumotda.  

Mavzuga oid
Top