15:19 / 07.10.2020
21992

Gulistonda kislorod balloni portlashi oqibatida bir kishi jarohatlangani ma'lum bo‘ldi

Bugun, 7 oktabr kuni soat 08:13da Guliston shahrining Guliston ko‘chasida joylashgan «Alpomish» sport majmuasida tashkil etilgan koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan yoki kasallangan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, saralash va taqsimlash markazida kislorod balloni portlashi yuz bergan, biroq yong‘in kelib chiqmagan.

Foto: Telegram / @sirdaryo

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, voqea joyiga viloyat hokimi, viloyat prokurori, DXX, IIB, FVB, SSB boshliqlari va boshqa xodimlar zudlik bilan yetib kelib, viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlarining tergovchi va boshqa tezkor xodimlaridan iborat tezkor-tergov guruhi, tezkor ma'lumotlar va favqulodda holatlar bo‘yicha shtab, axborot-tahlil guruhi tuzilgan.

Hamkor tashkilotlarning tezkor-qidiruv va qutqaruv kuchlari to‘liq jalb qilinib, baxsiz hodisa oqibatlari bartaraf etilmoqda.

Mazkur voqea oqibatida majmuada kislorod stansiyasiga xizmat ko‘rsatgan D.M.tan jarohati olib, RShTYoIM Sirdaryo viloyati filialiga yotqizilib, kerakli tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda, kislorod balon portlashi natijasida vafot etganlar yo‘q.

Majmuada davolanayotgan bemorlar RShTYoIM Sirdaryo viloyati filiali, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanseriga to‘liq joylashtirilishi ta'minlangan, majmua va uning atrofida joylashgan binolarga moddiy zarar yetgan. Bino buzilishi va yirik talafot kuzatilmagan.

Hozirda moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda. 

Top