18:56 / 08.10.2020
10682

Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti bilan Qirg‘izistondagi vaziyatni muhokama qildi

O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari Qirg‘izistondagi vaziyat ushbu mamlakat Konstitutsiyasiga muvofiq tez fursatda barqarorlashishi zarurligini qayd etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 oktabr kuni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

«Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi dolzarb masalalarni batafsil ko‘rib chiqdilar. Xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va qardoshlik rishtalari, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan faol muloqotni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Koronavirusning global miqyosda tarqalishi oqibatlarini samarali yengib o‘tish maqsadida amaliy hamkorlik bo‘yicha, eng avvalo, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, tranzit, qishloq xo‘jaligi va boshqa muhim tarmoqlardagi loyihalarni ilgari surish zarurligiga alohida e'tibor qaratildi.

Shu ma'noda ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonidan o‘tgan oyda o‘tkazilgan siyosiy maslahatlashuvlarning samarali natijalari ijobiy baholandi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari 2019 yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvida qabul qilingan qarorlar va erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini muhokama qildilar.

Tizimli va barqaror tus olayotgan ushbu muhim format doirasida sermahsul muloqot olib borilayotgani mamnuniyat bilan ta'kidlandi.

Ko‘p tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida xavfsizlik, iqtisodiyot, innovatsiyalar, transport, fan, ta'lim va madaniyat sohalari ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbarlari Qirg‘iz Respublikasidagi voqealar rivojiga alohida to‘xtaldilar. Ushbu mamlakatdagi vaziyat Qirg‘iziston Konstitutsiyasiga muvofiq holda tez fursatda barqarorlashishi zarurligi qayd etildi.

Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.

Suhbat har doimgidek samimiy, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tdi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 5 oktabr kuni Bishkekda hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi ikki partiya g‘olib chiqqach, parlament saylovlari natijalariga qarshi namoyishlar boshlandi. Tinch boshlangan aksiyalar kechga borib, huquq-tartibot organlari bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Bir necha yuz kishi yaralandi, bir kishi vafot etdi.

6 oktabr tongida namoyishchilar Qirg‘iziston parlamenti va prezident ma'muriyati joylashgan binoni egalladi. Shundan so‘ng namoyishchilar Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga kirib, sobiq prezident Almazbek Atamboyevni va sobiq bosh vazir Sapar Isakovni ozod qilishdi.

Shu kuni Markaziy saylov komissiyasi parlament saylovlari natijalarini haqiqiy emas deb topdi, parlament rahbari va bosh vazir iste'foga chiqdi.

Prezident So‘ronbay Jeenbekov sodir bo‘lgan voqealarni hukumatni noqonuniy egallashga urinish deb atadi. 

8 oktabr kuni Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi prezident So‘ronbay Jeenbekov g‘oyib bo‘lganini ma'lum qildi. Uning matbuot kotibi esa u Bishkekdaligini bildirdi.

Bundan oldinroq O‘zbekiston rahbari Rossiya, Tojikiston va Qozog‘iston prezidentlari bilan ushbu mamlakatdagi vaziyatni muhokama qilgandi.

Mavzu
Qirg‘izistonda hukumat almashinuvi
Qirg‘izistonda parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan muxolif partiyalar inqilob amalga oshirishdi.
Barchasi
Top