05:55 / 09.10.2020
10678

Turkiya Qora dengizning S-400 sinovlari o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan qismini kemachilar uchun yopdi

Turkiya Qora dengizning Sinop shahri yaqinidagi qismini 13 oktyabrdan 16 oktyabrgacha yopishga qaror qildi. Ta'kidlanishicha, bu Rossiyadan sotib olingan S-400 tizimlari sinovlari bilan bog‘langan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Turkiya tomonidan kemachilar uchun e'lon qilingan ogohlantirishda aytilgan.

Foto: Global Look Press

Avvalroq Turkiya Qora dengizda S-400 sinovlarini o‘tkazmoqchiligi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. 

Ogohlantirishda sinovlar vaqtida kemachilar uchun xavfli bo‘ladigan hudud koordinatalari ko‘rsatilgan. 

Ta'kidlanishicha, joriy haftada ushbu hudud “otish mashg‘ulotlari” o‘tkazilishi sababli kemachilar uchun 9 oktyabrgacha xavfli hudud deb e'lon qilingan. Sinopdagi mahalliy nashrlar shahar bo‘ylab S-400 tizimi ortilgan og‘ir transportyorlar kolonnasi o‘tgani surati va videolarini e'lon qilgan.

Turkish Minute nashrining hukumat hujjatiga tayanib ma'lum qilishicha, Sinopdagi raketa poligoniga S-400’ni sinovdan o‘tkazish uchun 10 ta Banshee havo nishoni yetkazilgan. Hujjatda aytilishicha, sinovlar S-400’ning jangovar tayyorligi, radarlar yordamida nishonlarni topishi va kuzatib borishi, aloqa imkoniyatlari, otishlarning boshqarilishini tekshirish uchun o‘tkaziladi.

 

Top