20:44 / 10.10.2020
56073

«UzAutoMotors» sudga maxfiy hujjatlarni taqdim etdi. Sud davom etmoqda

9 oktabr kuni Toshkent shahar ma'muriy sudida «UzAutoMotors» AJning Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasi qarorini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risidagi shikoyat arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilayotgan sud jarayoni davom etdi.

Sudda ishtirok etgan Kun.uz muxbirining xabar berishicha, majlisda dastlabki so‘z navbati arizachi vakiliga taqdim etildi. «UzAutoMotors» AJ vakili Aleksandr Saxapov kompaniya faoliyatiga doir ma'lumotlarni keltirib o‘tdi. So‘ngra, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi (MQKQ) vakili Ulug‘bek Davlatov quyidagi savol bilan unga yuzlandi:

Ulug‘bek Davlatov

«1996 yilda «O‘zavtomotors» o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, 10dan ziyod (avtomobil) modellar ishlab chiqargan. Iqtisodiy jihatdan har bir texnologiyani eskirish summasi bo‘ladi. Texnologiya 5 yoki 7 yilda eskiradi, amartizatsion xarajatlar to‘plangan holda yangi texnologiya olib kirishga yoki texnologiyani yangilashga sarflanadi. 1996 yildan buyon 10dan ortiq model olib kirilgan bo‘lsa, ularga ham 5-7 yildan oshib ketgan. O‘sha muddati o‘tgan modellarni amartizatsion xarajatlari nimaga sarflangan? Kompaniya biznes rejasida «2ta yangi model kiritish uchun bizga qo‘shimcha pul kerak» deb ko‘rsatishgan. «O‘zavtomotors»da hozirgacha 5ta eskirgan model bor, demak, zaxirasida pul bo‘lishi kerak. Shu pullarni nima qilishgan», — dedi u.

Aleksandr Saxapov

Saxapovning aytishicha, kompaniya mashinalari, xususan «Damas» ishlab chiqarilganiga 14 yil bo‘lgan, uning butlovchi qism va uskunalari bir necha bor yangilangan. Mablag‘lar esa ushbu uskunalarni samaradorligi va ishlab chiqarish quvvatini ta'minlash uchun qaytadan investitsiyalanadi.

«Bu ham investitsiya talab etadi. Men model butunlay yangilangan demoqchi emasman. Ammo, biz modellar qismlarini har yili yangilab boramiz», —deya javob berdi u.

Kompaniya vakili Nargiza Otaxonovaning aytishicha, o‘tkazilayotgan sud, qo‘mita maxsus komissiyasi qarori va tekshiruvlarning sababi hukumatga kiritilgan ma'lumotnomadir. U Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi 2020 yil 12 martda Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqovga kiritilgan ma'lumotnomadagi barcha vaji asossiz va soxta ekanini ta'kidladi.

Nargiza Otaxonova

«Bu ma'lumotnomada mahsulot tannarxining 2 foizga pasaytirishga erishilgan deyilgan. Vaholanki biz 2017 yil 2.2, 2018 yil 6.9 va 2019 yil 4.3 foizga, umumiy 3 yilda o‘rtacha 4.9 foizga narxlarni tushirishga erishganmiz. Negadir bu ko‘rsatkich ma'lumotnoma 2 foiz qilib ko‘rsatilgan. Shuni aytishimiz kerakki, oldin chiqarilgan «Kobalt»dan ko‘ra, hozirgi variantda mashina interer va ichki muhandislik konstruksiyasiga mos holda o‘zgartirishlar kiritilib borilmoqda. Ya'ni 20 yildan beri bir xil model emas.

«Monopol mavqeyini suiiste'mol qilgan holda avtomobillarning bazaviy komplektatsiyasida ko‘zda tutilgan ayrim butlovchi qismlarisiz sotilishi, mahsulot uchun oldindan to‘lov qilingan holda narx oshishi munosabati bilan qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanishi bo‘yicha holatlar yo‘lga qo‘yilgan» degan vaj ko‘rsatilgan. Rostdan ham 2017 yil xaridorlar bilan tuzilgan shartnomalar shartlariga asosan avtomashina narxlari oshirilganda xaridorlar tomonidan qo‘shimcha to‘lov amalga oshirilgan. Bunda shartnoma bandlari buzilishiga yo‘l qo‘yilmagan yoki hech qanday huquqni muhofaza qiluvchi organlar shartnomaning shu bandi yuzasidan shikoyat qilmagan.

«Avtomashinalarning narxi tashqi bozordagi narxlarga nisbatan sezilarli darajada qimmat, xususan narxda 20-50 foizli tafovut mavjud». Ma'lumotnomada bu ham mavjud. 2020 yil martda Qozog‘iston va Rossiyadagi rasmiy dillerlarimiz tomonidan mashinalarimiz, masalan «Neksiya-3» ichki bozorda 10 ming 585 dollarga narxlangan bo‘lsa, Qozog‘istonda 11 ming 963 dollar, Rossiyada 12 ming 171 dollarga sotilgan. «Kobalt» ichki bozorda 11 ming 203 dollar bo‘lsa, Qozog‘istonda 12 ming 703 va Rossiyada 12 ming 580 dollarga narxlangan. Bu vaj ham bizga nisbatan noto‘g‘ri qarashni keltirib chiqargan», — deydi Otaxonova.

Unga ko‘ra, hukumatga kiritilgan noto‘g‘ri ma'lumotlar asosida Bosh vazir o‘rinbosarining topshirig‘i bilan kompaniya faoliyatida tekshiruv boshlangan va bu qo‘mita maxsus komissiyasi qaroriga asos qilib olingan.

Sud majlisida ma'lum bo‘lishicha, Maxsus komissiya shu yilning 3, 7 va 19 avgust kunlari «O‘zavtomotors» AJ masalasi bo‘yicha ishni ko‘rib chiqishi nazarda tutilgandi. Dastlab, kompaniya vakillarining iltimosnomasiga binoan, ishni puxta o‘rganish uchun qo‘shimcha hujjatlar taqdim etish vajidan yig‘ilish 7 avgustga qoldirilgandi. Keyingi safar maxsus komissiya a'zolari ishni ko‘rish uchun yetarli hisobda yig‘ilmagani uchun yig‘ilish 19 avgustga qoldirilgan. Ammo 19 avgust kuni soat 11.00da boshlanishi belgilangan yig‘ilishni qoldirish to‘g‘risida «O‘zavtomotors» AJ iltimosnomasi soat 11.08da qo‘mitaga yuborilgan. Iltimosnoma maxsus komissiya tomonidan rad etilgan va nizoli qaror qabul qilingan.

Ushbu holatni kompaniya vakillari qonun talabi buzilishi, deya e'tirof etmoqda. Ammo sudda ishtirok etgan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bekzod Ummatov ushbu holatga tushuntirish berdi.

Bekzod Ummatov

«Maxsus komissiyaning ishni ko‘rib chiqib, tugatish uchun bir oy muddati mavjud. Demak, biz protsedura jihatidan o‘sha vaqt ichida ishni ko‘rib chiqishimiz kerak. Oxirgi yig‘ilishga kelib, vaqtimiz oz qolgandi. Aslida ish 27 iyulda qo‘zg‘atilgan va 27 avgustgacha muddat bor edi, ya'ni 26 kun o‘tgan va 4 kun muhlat qolgan edi.

Kompaniya vakillari bilan yig‘ilish jarayonlaridan tashqari, kamida 3 marta ishchi tartibda yig‘ilganmiz. Shu yerdagi barcha ishtirokchilar bilan shaxsan o‘zim uchrashganman. Oxirgi marotaba bo‘lib o‘tgan yig‘ilish 5 soat davom etgan. Tekshiruv vaqtida bular ma'lumotlarni to‘liq taqdim qilmagan va biz taqdim etilgan ma'lumotlardan xulosa chiqardik. Shundan so‘ng, ular u yoki bu «ma'lumot bunaqa emas» deb asoslar keltirishni boshlashdi. Shunda ham biz ular keltirgan asoslarni inobatga oldik. Biz «tekshiruvga berilmagan», deb qabul qilmasak ham bo‘lardi. Biz xolis xulosa chiqarish uchun keyin berilgan ma'lumotlarni ham inobatga oldik. Biz ayrim joylarni to‘g‘riladik, lekin asosiy va katta summali masalalar o‘zgarishsiz qoldi.

Biz biron masala yuzasidan e'tiroz bildirsak, ular boshqa bir fakt keltirardi, uni ham isboti bilan rad etsak, yana boshqa fakt keltirishgan. Ularni ham rad etganmiz, negaki, qarshi tarafning mutaxassislari bularni isbotlab bera olmagan. Bir masalaga bular 2-3talab vaj ko‘rsataverishgan. Maxsus komissiya yig‘ilishini yana qoldirish iltimosnomasi rad etilgan, chunki u o‘rnatilgan tartibda yuborilmagan va kompaniya asossiz ravishda vaqt cho‘zgan», — dedi Ummatov.

Arizachi vakili tomonidan sudga iltimosnoma kiritilib, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan hukumatga kiritilgan ma'lumotnomaga asos bo‘lgan hujjatlar taqdim etilishi so‘raldi. Qo‘mita vakillari  — javobgar esa bu sud ishi predmeti emasligi, arizachi maxsus komissiya qarori ustidan shikoyat qilganini eslatdi. Sud ushbu iltimosnomani qanoatlantirdi.

Sudda qo‘mita vakillarining arizachiga narx va ishlab chiqarish bo‘yicha savollari muhokama qilinmadi, tijorat siri vaji bilan ularning muhokamasi keyinga qoldirildi.

Barcha taraflarning fikri tinglanganidan so‘ng, arizachi «UzAutoMotors» AJ vakili tomonidan dastlabki sud majlisida kiritgan iltimosnomani muhokama qilishni, ya'ni jamiyat tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlarning tan narxi shakllantirilishida maxfiy hujjatlarga asoslanilganligi, qo‘mita tomonidan esa ushbu hujjatlar tegishli tartibda o‘rganilmasdan qaror qabul qilinganligini, shu sababli o‘tkazilgan tekshirish va qabul qilingan qarorga nisbatan o‘z e'tirozlarini bildirishlari lozimligini ma'lum qilib, sudga «maxfiy» grifi ostidagi hujjatlarni taqdim etib, sud majlisini mazkur muhokama qismini yopiq tarzda o‘tkazish so‘raldi.

Ushbu iltimosnomani muhokama qilish va sud muhokamasiga taqdim etilgan qo‘shimcha dalillarni o‘rganish uchun ishni ko‘rish keyinga qoldirildi.

Navbatdagi sud majlisi 2020 yil 16 oktabr kuni soat 10.00 da o‘tkaziladi.

Mavzuga oid
Top