11:32 / 11.10.2020
28681

Bishkekda vaziyat barqarorlashgani ma'lum qilindi 

Foto: TASS

5 oktyabrdan beri turli siyosiy kuchlar tarafdorlari o‘rtasida to‘qnashuvlar va tartibsizliklar yuz berayotgan Bishkekda vaziyat barqarorlashdi. Bu haqda Qirg‘iziston poytaxti komendaturasida ma'lum qilindi.

Ta'kidlanishicha, ayni vaqtda shaharda vaziyat barqarorlashgan, u huquq-tartibot idoralari xodimlari va harbiylar tomonidan nazorat qilinmoqda. Bundan tashqari, tartibni saqlashda xalq drujinalarining bir necha ming vakili yordam bermoqda. “Komendantlik soati amal qilishining birinchi kuni poytaxtda jiddiy qoidabuzarliklar qayd qilinmadi”, deb ma'lum qilingan komendaturada. 

Ijtimoiy tarmoqlarda ma'lum qilinishicha, 10 oktyabrda Qirg‘iziston bosh vaziri etib tayinlangan Sadir Japarov tarafdorlari poytaxtda soat 21dan soat 5gacha komendantlik soati amal qilishiga qaramay, ushbu voqeani Hukumat uyi yonidagi maydonda soat 23gacha nishonlashgan.  

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekovning qarori bilan 9 oktyabrdan Bishkekda favqulodda holat rejimi kiritilgandi. Shaharga qo‘shinlar va harbiy texnika kiritilgan, blokpostlar o‘rnatilgan, fuqarolarning shaharga kirish-chiqishi cheklangan, soat 18dan keyin spirtli ichimliklar sotish, ommaviy tadbirlar, jumladan mitinglar o‘tkazish taqiqlangan. Bundan tashqari, OAV faoliyati cheklangan, komendaturaga siyosiy partiyalar faoliyatini to‘xtatish huquqi berilgan. 

Ayni vaqtga kelib Bishkekda deyarli barcha shahar xizmatlari odatdagi tartibda faoliyat yuritmoqda, jamoat transporti ishlamoqda, ko‘chalarni tozalash ishlari olib borilmoqda. 

4 oktyabrda Qirg‘izistonda o‘tkazilgan parlament saylovlaridan keyin parlamentga o‘ta olmagan partiyalar vakillari tomonidan Bishkekda tartibsizliklar uyushtirilgan, davlat idoralari binolari egallab olingandi. Tergov izolyatoridan sobiq prezident Almazbek Atamboyev va boshqa siyosatchilar ozodlikka chiqarilgan. Natijada markaziy saylov komissiyasi saylovlar natijalarini bekor qilgan. 

Qirg‘iziston prezidenti partiyalar yetakchilarini qonun doirasida harakat qilishga chaqirgan va bosh vazirni iste'foga chiqarish haqida farmonni imzolagan hamda bir qator kuch tuzilmalari rahbarlarini o‘zgartirgan.

Mavzu
Qirg‘izistonda hukumat almashinuvi
Qirg‘izistonda parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan muxolif partiyalar inqilob amalga oshirishdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top