15:19 / 11.10.2020
21191

O‘zbekiston maktablarida rus tilini o‘qitish sifatini oshirish bo‘yicha Rossiya bilan qo‘shma dastur boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Rossiya Federatsiyasi Maorif vazirligi hamda Alisher Usmonovning San'at, fan va sport xayriya jamg‘armasi hamkorlikda O‘zbekistonda rus tili va umumiy fanlarni rus tilida o‘qitish sifatini oshirishga qaratilgan «Zo‘r!» («Klass») loyihasini boshlamoqda.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati

11 oktabr kuni Rossiya tomoni delegatsiyasining Toshkentga tashrifi chog‘ida qo‘shma loyiha yuzasidan memorandum imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Xalq ta'limi vazirligi ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, dastur yordamida Rossiyaning malakali o‘qituvchi va metodistlari O‘zbekistonning o‘zbek tilida dars o‘tiladigan maktablarida rus tili o‘qituvchilarining malaka oshirishlariga yordam beradi.

«Zo‘r!» loyihasining ilk bosqichida 32 nafar rus metodisti O‘zbekistonga kelgan. 2021 yilda yana 100 nafar rossiyalik mutaxassis yetib kelishi rejalashtirilgan.

«O‘zbekistonga yo‘naltirilgan mutaxassislar soni har yili 100 nafarga ko‘payadi. Dasturning barcha bosqichlari 30 mingga yaqin o‘zbekistonlik o‘qituvchini qamrab oladi», – deyiladi XTV xabarida.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati

Memorandumni imzolash chog‘ida Rossiyaning San'at, fan va sport jamg‘armasi asoschisi Alisher Usmonov marosim ishtirokchilariga video murojaat yo‘lladi.

«Rossiya va O‘zbekiston bir-biri bilan umumiy tarix va madaniy meros bilan chambarchas bog‘liqdir. Men o‘zim rus tilidagi maktabni tugatganman, shuning uchun vatanimda rus tilini o‘qitish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati, Rossiya Federatsiyasi Maorif vazirligining bunday uzoq muddatli va strategik tashabbusini qo‘llab-quvvatlayotganimdan juda mamnunman. Ishonchim komilki, bu nafaqat ta'limni qo‘llab-quvvatlash, balki umumiy an'ana va iste'dodlarimizni qo‘llab-quvvatlashdir. Ushbu tashabbus muvaffaqiyatli bo‘ladi va butun O‘zbekiston aholisi tomonidan yaxshi qabul qilinadi, shuning uchun men unga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman», – dedi Alisher Usmonov.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati

Avvalroq, O‘zbekiston xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov ayni masala yuzasidan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida izoh bergan edi.

«Maktab bitiruvchilarimiz o‘zbek tilini bilishi bilan birga rus, ingliz va boshqa xorijiy tillarini bilishi ularni kelajakda muvaffaqiyatga erishishiga yordam beradi!

10 mingga yaqin maktablarimizda minglab rus va ingliz tili o‘qituvchilari faoliyat olib borishadi, lekin joylarda ular bilan suhbatlar davomida ularning tilni bilish bo‘yicha malakasini oshirish muhimligiga ko‘p marotaba amin bo‘lganman. Suhbatlar davomida mashhur kinofilmdagi «shestnitsa desa ham bo‘ladi, subbota desa ham bo‘ladi» degan epizod afsuski ko‘p marotaba esimga tushgan. Qanday qilib o‘zi chet tilini bilmagan o‘qituvchi o‘quvchiga ushbu tilni sifatli o‘rgatishi mumkin!

Xabaringiz bor, ingliz tilini o‘rgatishni yaxshilash maqsadida English Speaking Nation deb nomlangan loyihamiz orqali ingliz tili o‘qituvchilarini malakalarini oshirish uchun AQSh, Buyuk Britaniya davlatlari tomonidan 50 mln dollardan ortiq grant mablag‘larini jalb qilishga kelishganmiz va bu borada ishlar boshlangan.

Xuddi shunday, endi o‘zbek tilida dars o‘tiladigan maktablarda rus tilini o‘qitishni yaxshilash maqsadida Rossiya Federatsiyasining Maorif vazirligi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Unga ko‘ra, rossiyalik pedagoglar O‘zbekistonga kelib hududiy malaka oshirish markazlarida rus tili o‘qituvchilarimizning malaka oshirishlariga hamda o‘zbek tilida dars o‘tilayotgan maktablarda rus tilini o‘rgatishni yaxshilashga yordam beradilar. Bu esa ushbu maktablardagi rus tili o‘qituvchilarimiz uchun ham juda katta foyda bo‘ladi.

Toshkent shahri va viloyat markazlarida rus tilida dars o‘tiladigan maktablarga ota-onalar tomonidan talab juda yuqori. Ko‘pchilik ota-onalar uyda rus tilida so‘zlashmasliklari sababli bolalari o‘qishda qiynalsa ham rus tilidagi maktabga berishga harakat qiladilar. Bunga asosiy sabablardan biri, men bilmasam ham bolam juda bo‘lmasa rus tilini o‘rganib chiqsin, deydi. Aslida esa bunday o‘quvchilar maktabda boshqa fanlarni o‘zi bilmaydigan tilda o‘zlashtirishga qiynaladilar.

Ushbu loyihadan maqsad – o‘zbek tilidagi maktab bitiruvchisi fanlarni o‘z ona tilida yaxshiroq o‘rgana olishi bilan birga, rus tilini ham biladigan bo‘lib bitirib chiqsin.

Maktab o‘quvchilari kelajagi uchun muhim bo‘lgan ushbu loyihani ijtimoiy tarmoqlarda ba'zi «aqlli»lar darrov siyosiylashtirishga harakat qilishayotganini ko‘rib, aniq aytib qo‘ymoqchiman: ushbu loyiha orqasida biron bir siyosiy maqsad yo‘q. Asosiy maqsadimiz – bitiruvchilarimiz dunyo bozorida raqobatbardosh bo‘lishiga erishish. Buning uchun esa, albatta, jahonda keng foydalaniladigan, jumladan qo‘shni davlatlar bilan muomala uchun kerak bo‘lgan chet tillarini sifatli o‘rgatish zarur.

Ushbu ikki loyiha, ya'ni ingliz tili va rus tilini o‘rgatish uchun davlat budjeti mablag‘larini tejash maqsadida tegishli davlatlardan grant olishga harakat qildik. Bu tillarni o‘rgatishga maktablarda soatlar ko‘paytirilmaydi. Mavjud soatlar doirasida o‘tilayotgan darslar sifati oshiriladi.

Birinchi guruh pedagoglar bugun O‘zbekistonga yetib kelishdi va Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti tomonidan ularni hududlarga taqsimlash bo‘yicha tashkiliy masalalar hal etilmoqda», – deb yozgan xalq ta'limi vaziri 6 oktyabrdagi postida.

Top