16:17 / 12.10.2020
17678

Jismoniy tarbiya va sport vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Bugun, 12 oktabr kuni, Jismoniy tarbiya va sport vazirligida navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, vazirlik hamda sport federatsiya va assotsiatsiyalari rahbariyati, sport ta'lim muassasalari vakillari ishtirok etishdi.

Avaz Karimov / Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishga raislik qilgan bosh vazir o‘rinbosari A. Abduhakimov vazirlik rahbariyatida tashkiliy o‘zgarish yuz berganligini ma'lum qildi.

O‘zbekiston prezidentining maxsus qarori bilan Avaz Karimov jismoniy tarbiya va sport vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi.

Avaz Karimov 1983 yil 19 mayda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2006 yilda O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi raisining o‘rinbosari sifatida boshlagan. 2007-2011 yillarda O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi raisi, 2011 yildan O‘zbekiston badminton federatsiyasi raisining o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat olib borgan.

2014-2015 yillarda Sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori o‘rinbosari, so‘ngra ot sporti bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi Ishlar boshqarmasi boshlig‘i, 2017-2019 yillarda Chirchiq olimpiya zaxiralari maktab-internati direktori, 2019 yil 6 sentyabrdan hozirga qadar Respublika olimpiya zaxiralari kolleji direktori lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Top