17:03 / 20.10.2020
4574

Windows yangilanishi kompyuterlarni ishdan chiqarayotganligi ma'lum bo‘ldi

Qayd etilishicha, foydalanuvchilar ko‘pincha butun tizimning ishlamay qolishiga duch kelishgan.

Foto: Reuters

Oktabr oyidagi Windows yangilanishi kompyuterlarda qator nuqsonlar paydo bo‘lishiga olib keldi. Bu haqda foydalanuvchilarning fikrlariga asoslanib Windows Latest nashri xabar berdi.

 Ko‘plab kompyuter egalarining so‘zlariga ko‘ra, KB4579311 yangilanishini noma'lum xatolar tufayli komyuterga o‘rnatishning imkoni yo‘q. Mabodo u o‘rnatilganida ham qator nuqsonlar kelib chiqishi mumkin. Jurnalistlarning qayd etishlaricha, eng ko‘p tarqalgan muammo tasvirning monitorga uzatilishida kuzatilgan. Shuningdek, foydalanuvchilar ovoz kartalari, printerlar va boshqa qurilmalar ishlashida muammolar paydo bo‘lganidan shikoyat qilishgan.

Qayd etilishicha, foydalanuvchilar ko‘pincha butun tizimning ishlamay qolishiga duch kelishgan. Windows lisenzion nusxasiga ega foydalanuvchilar yangilanish o‘rnatilganidan so‘ng «ko‘k o‘lim ekrani» (Blue Screen of Death, BSoD) paydo bo‘lganini ma'lum qilishgan.

 KB4579311 yangilanishi 13 oktabr kuni chiqdi. Microsoft mutaxassislari hozircha muammo borasida izoh bermadi. Jurnalistlar yangilanishni o‘rnatmay turishni yoki o‘chirib tashlashni tavsiya qilishmoqda.

Mavzuga oid
Top