02:30 / 21.10.2020
9728

JSST rekord sondagi haftalik kasallanish holatlarini qayd qildi

Foto: AP

Dunyoda koronavirusga chalinganlar soni o‘tgan hafta ichida 2,4 mlnga ko‘paydi. Bu esa pandemiya boshidan beri eng yuqori haftalik ko‘rsatkich hisoblanadi. O‘lim holatlari esa 36 mingdan ko‘proqni tashkil qilgan.  

“Koronavirusga chalinish holatlari soni jadal sur'atlar bilan o‘smoqda. Yangi o‘lim holatlari esa nisbatan barqaror darajada qolmoqda. Oxirgi haftada 2,4 mlndan ko‘proq yangi kasallanish va 36 ming o‘lim holati qayd etilgan”, deb ma'lum qilingan JSSTda. 

Eng og‘ir epidemik vaziyat Shimoliy va Janubiy Amerikada saqlanib qolmoqda. Bu mintaqada 12 oktyabrdan 18 oktyabrgacha 798 mingdan ko‘proq kishi koronavirus yuqtirib olgan, jami kasallanganlar soni esa 18,8 mlndan oshgan. Shuningdek, mintaqada bir hafta ichida 16 mingdan ko‘proq o‘lim holati qayd etilgan, jami o‘lim holatlari soni 18 oktabr holatiga ko‘ra 608 mingdan ko‘proqni tashkil qilgan.   

Yevropada esa bir hafta avvalgiga nisbatan koronavirusga chalinish darajasi 25 foizga o‘sgan. Kasallanganlar soni bir haftada 927 mingdan ko‘proqqa oshib, 8 mlndan ortgan. Yevropada bir hafta ichida virusdan 8 mingdan ko‘proq kishi vafot etgan, jami o‘lim holatlari soni 256 mingdan oshgan. 

Janubi-Sharqiy Osiyoda bir hafta davomida 513 mingdan ko‘proq yangi kasallanish holati qayd etilib, jami kasallanganlar soni 8,5 mlndan oshgan. O‘lim holatlari 6,8 mingtaga ko‘payib, 135 mingdan ko‘proqqa yetgan. 

Davlatlar kesimida Hindistonda bir hafta ichida 440 mingdan ko‘proq, AQShda deyarli 383 mingta, Braziliyada 144 mingdan ko‘proq yangi kasallanish holati qayd etilgan. Yevropada o‘tgan hafta eng ko‘p kasallanish holatlari Britaniyada qayd qilingan – 114 mingdan ko‘proq. 

Hafta davomida dunyo bo‘yicha eng ko‘p o‘lim holatlari Hindistonda qayd qilingan – 5,6 mingdan ko‘proq. Bu borada keyingi o‘rinlarni AQSh (4,8 mingdan ko‘proq), Braziliya (3,5 mingdan ko‘proq), Argentina (2,4 ming) va Meksika (2,1 ming) egallagan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top