22:09 / 22.10.2020
14563

Yakkasaroy hokimi bozorda narxlar qanday arzonlashtirilayotgani bo‘yicha ma'lumot berdi

Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov bozorlardagi oziq-ovqat mahsulotlari narxi davlat tomonidan tushirilayotgani haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi. U Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida «Askiya» bozorida tashkil etilgan arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari misolida mazkur holatga izoh bergan.

«So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxi keskin oshib ketishidan ko‘p noroziliklar kuzatildi. Hozirgi kunda biz Toshkent shahar hokimiyati bilan hamkorlikda Yakkasaroy tumanida birinchi navbatda kerakli bo‘lgan 11 turdagi mahsulotlarni arzonlashtirilgan narxlarda sotishga mo‘ljallangan yarmarkalar tashkil etdik.

«Narx qanday qilib arzonlashtirildi», degan tabiiy savol tug‘iladi. Bunda ulgurji savdo bilan shug‘ullanadigan korxonalarga bozorlarda, mahallalarda tekin joy tashkil qilib berdik. Ular o‘z mahsulotlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo joyiga olib kelib sotishmoqda. Masalan, Qibraydagi tadbirkorlar «Askiya» bozori yonida o‘z mahsulotlarini arzonlashtirilgan narxda sotishmoqda. Bu yerda tuxum 900 so‘m. Ichkarida esa 1100-1200 so‘mdan sotilyapti. Chunki u yerda birlamchi, ikkilamchi va uchlamchi qo‘llar ishlaydi. Yarmarkada kungaboqar yog‘i 12000 so‘m.

Xalqqa qulaylik yaratish maqsadida har kuni Yakkasaroy tumanidagi 21ta mahalladan 4tasiga grafik asosida arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari olib borib sotilmoqda. Bu yarmarkalarning muddati chegaralanmagan, davom etadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki hukumat narxlarni belgilayotgani, savdogarlarga «shu narxdan arzon sotmaysan» deyilayotgani haqidagi gap- so‘zlar tarqaldi. Bular yolg‘on. Mana, tuxum 900 so‘m, go‘sht 55000 so‘m. Bu narxlarni tadbirkorlarning o‘zlari belgilashgan.

Bizning ularga yordamimiz shuki, mahsulotlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri olib kelib bozorda sotishiga sharoit yaratib berdik. 

Misol qilib aytsam, mana go‘sht. Toshkent shahar hokimligi shartnoma asosida Qoraqalpog‘istondan chorva mollarini poytaxtga olib kelib, shu yerdagi kushxonalarda so‘yib sotilishini ta'minlanmoqda. Shuning hisobiga go‘sht narxi arzonlashtirildi.

Bugungi kunda qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlar belgilagan narx 55 ming so‘m. Lekin bozorning ichida go‘sht 60 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha sotilyapti.  

Bizning arzonlashtirilgan yarmarkada go‘sht 55 ming so‘mdan sotilishi boshlandi. O‘ylaymanki, bozor ichidagilar ham ochiq, shaffof raqobat kuchayganidan keyin narxlarni tushirishadi», dedi tuman hokimi.

Mavzuga oid
Top