19:02 / 23.10.2020
4500

Ellikdan ortiq kompaniyaning IT-park rezidenti maqomi bekor qilindi

Mazkur kompaniyalar shartnomada nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmagan, ya'ni auditorlik xulosasini taqdim etmagan va Nizom talablarini buzgan.

Foto: ictnews.uz

“52 ta IT-kompaniya IT-parkning doimiy rezidenti maqomidan mahrum etildi”, deb xabar berdi IT-park matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, mazkur kompaniyalar shartnomada nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmagan, ya'ni auditorlik xulosasini taqdim etmagan va Nizom talablarini buzgan.

Ular to‘g‘risidagi ma'lumotlar imtiyozlarni bekor qilish choralarini ko‘rish maqsadida soliq organlariga yuborilgan. Shuningdek, soliq idoralariga IT-park rezidentlarining yagona reyestriga kiritilgan, ammo turli sabablarga ko‘ra endi faol rezident bo‘lmagan 63ta IT-kompaniya to‘g‘risidagi ma'lumotlar ham yuborilgani xabar qilingan.

 “Ma'lumot o‘rnida, Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan, IT-park rezidentlari yiliga bir marta majburiy audit o‘tkazishlari shart. Eslatib o‘tamiz, qonunga muvofiq, IT-park rezidenti maqomida bo‘lish bir kun bo‘lsa ham kompaniyaning auditorlik tekshiruvini o‘tkazish va imtiyozlardan foydalanish yoki foydalanmaslik to‘g‘risida xulosa berish majburiyatini keltirib chiqaradi”, deyiladi xabarda.

 Qayd etilishicha, 2020 yil 16 oktabr holatiga ko‘ra IT-park rezidentlari soni 416 tani tashkil etadi.

 Ma'lumot uchun: 2019 yil 24 iyulda Toshkentda O‘zbekistondagi birinchi IT-park ochilgan.

Mavzuga oid
Top