21:26 / 23.10.2020
9206

Navalniy Putinning uni davolash uchun Germaniyaga jo‘natishga yordamlashgani to‘g‘risidagi so‘zlari yolg‘onligini aytdi

Avvalroq Vladimir Putin bosh prokuraturaga Navalniyni hech qanday to‘siqlarsiz Germaniyaga davolanish uchun chiqarish bo‘yicha topshiriq berganini aytgandi.

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy mamlakat prezidenti Vladimir Putinning uni  davolash uchun Germaniyaga jo‘natishga shaxsan ko‘maklashgani to‘g‘risidagi so‘zlarini yolg‘on deb atadi.

 Navalniy Instagram sahifasiga joylashtirgan bayonotida Rossiyani tark etish uchun o‘ziga nisbatan hech qanday cheklov yo‘qligini, shu bois Germaniyaga davolanish uchun ketishiga Putinning shaxsiy ruxsati kerak bo‘lmaganini ma'lum qildi.

"Chiqishga qo‘yilgan cheklov" to‘g‘risidagi gap judayam kulgili. Yuz foiz yolg‘on. Menda xorijga chiqish pasporti bor. Bu borada Yevropa sudida yutib chiqqanman. "Faxriyni tahqirlash" to‘g‘risidagi soxtalashtirilgan ish bo‘yicha mendan chetga chiqmaslik to‘g‘risida tilxat olishga urinishgan, ammo moddada ozodlikni cheklash ko‘zda tutilmagan. Tilxat berishni rad etganman va bilganingizdek, Novosibirsk va Tomskka bemalol bordim. Meni hech kim cheklamadi", - deb yozdi muxolifatchi.

Avvalroq Vladimir Putin bosh prokuraturaga Navalniyni xorijga davolanish uchun chiqarish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni topshirganini aytgandi.

“Axir, biz uni jinoiy ish va tergovga aloqadorligi uchun qo‘yilgan cheklovlar tufayli xorijga chiqarmasligimiz ham mumkin edi-ku”, degandi Putin.

Aleksey Navalniy 20 avgust kuni Tomskdan Moskvaga qaytayotganda o‘zini yomon his qilgan va samolyot Omsk shahriga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgandi. Zaharlanish tashxisi bilan kasalxonaga tushgan Navalniy 22 avgust kuni Germaniyadagi «Sharite» klinikasiga olib ketilgach, 7 sentyabrgacha koma holatida bo‘ldi. Keyinchalik oyoqqa turgan Navalniy o‘zining zaharlanishi shaxsan Vladimir Putinning topshirig‘i bilan amalga oshirilganini aytgan.

Top