20:39 / 27.10.2020
4726

Xitoyning Guangchjou shahrida O‘zbekistonning Bosh konsulxonasi ochildi

2020 yil 27 oktyabrda Xitoyning Guanchjou shahrida O‘zbekiston Bosh konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu konsulxona Guandun, Futszyan, Xunan, Xaynan provinsiyalari hamda Guansi-Chjuan avtonom tumanini qamrab oladi.

Foto: TIV axborot xizmati

Marosimda O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchisi Baxtiyor Saidov, Guandun provinsiyasi va Guangchjou shahar xalq hukumati rahbarlari, mazkur provinsiyaning ishbilarmon, jamoat va ekspert doiralari vakillari hamda vatandoshlarimiz ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Baxtiyor Saidov bosh konsulxonaning ochilishi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirish, barcha sohalarda amaliy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, O‘zbekiston viloyatlari va Xitoyning janubiy provinsiyalari o‘rtasidagi o‘zaro tovar almashuv hajmini ko‘paytirishga qo‘shimcha turtki berishini qayd etdi.

Yirik sanoat, moliya va transport markazi bo‘lgan Guangchjou shahri mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish, savdo, iqtisodiyot, investitsiyalar, energetika, transport kommunikatsiyalari kabi va boshqa sohalardagi hamkorlikning mustahkamlanishida juda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.

Ushbu bosh konsulxona okrugiga Guandun, Futszyan, Xunan, Xaynan provinsiyalari hamda Xitoyning Guansi-Chjuan avtonom tumani kiradi.

Bosh konsulxonaning ochilish marosimi doirasida O‘zbekistonning sarmoyaviy, eksport va sayyohlik salohiyati taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Tadbir ishtirokchilari e'tiboriga O‘zbekistonda yaratilgan jozibali ishbilarmonlik muhiti, erkin iqtisodiy zonalar hududlarida biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar, qurilish, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi jabhasini rivojlantirish borasida erishilgan muvaffaqiyatlar hamda bu yo‘nalishlardagi hamkorlikning istiqbollari to‘g‘risida atroflicha ma'lumotlar taqdim etildi.

Top