10:22 / 28.10.2020
8697

Virus yengil tarzda o‘tkazilsa, antitanachalar miqdori ko‘p bo‘lmaydi – shtab

Immunitet uch turda bo‘ladi: qisqa muddatli, uzoq muddatli va bir umrlik. Virusga nisbatan aynan qaysi turdagi immunitet shakllanganligini bilish oson emas. Barno Abdusamatova shu haqda berilgan savolga javob qaytardi.

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Barno Abdusamatova antitanachalar testi ijobiy chiqsa, organizm virusdan himoyalangan hisoblanadimi, bu qancha davom etadi, deya berilgan savol bo‘yicha ma'lumotlar taqdim etdi.

“Infeksion jarayon natijasida ikki turdagi antitanacha yuzaga keladi: IgM va IgG. Immunoglobulin M organizmda virus mavjudligini ko‘rsatib, jarayonning og‘ir bosqichi kechayotganini bildiradi. Immunoglobulin G COVID-19'ga qarshi immunitet hosil bo‘lganini ko‘rsatadi. Immunoglobulin M (IgM) birinchi bo‘lib shakllanadi va infeksiyaning ilk davrida tez o‘sadi, og‘ir davriga kelib eng yuqori darajaga chiqadi. Shundan so‘ng sekin-asta tushib, inson tuzalgach to‘liq yo‘qoladi.

Immunoglobulin G organizm virus bilan to‘qnash kelgach 21-28 kundan so‘ng ishlab chiqarila boshlaydi. Hozirda jahon olimlarining kuzatuvlariga ko‘ra, titrlar antitanachalar kabi kamayishi mumkin. Agar inson koronavirusni yengil tarzda o‘tkazgan bo‘lsa, antitanachalar miqdori u qadar ko‘p bo‘lmaydi. Immunitet uch turda bo‘ladi: qisqa muddatli, uzoq muddatli va bir umrlik.

Virusga nisbatan aynan qaysi turdagi immunitet shakllanganligini bilish oson emas. Olimlarning fikricha, titrlar kamayib boradi va katta ehtimol bilan bir umrlik immunitet shakllanmaydi. Chunki bu virus mutatsiya imkoniga ega. Lekin shunga qaramay, agar inson kasallikni boshidan kechirgan bo‘lsa, organizmda ushbu virus haqida ma'lumot qoladi. Genetik materialning asosiy tuzilmalari hujayra immuniteti bilan bog‘liq.

Yoshlar va salomatligi yaxshi bo‘lgan kishilarda antitanachalar tezroq shakllanadi. Yoshi kattalar va hamroh kasalliklari bo‘lgan insonlarda shakllanishi qiyinroq kechadi. Shu sababdan har qanday og‘ir kasalliklarda ular boshqa normal salomatlikka ega odamlardan ko‘ra ko‘proq aziyat chekishadi”, - dedi savolga javoban Barno Abdusamatova.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top