12:33 / 29.10.2020
39569

Saudiya Arabistoni Umra ibodatiga keluvchilar uchun qanday shartlar qo‘ygani e'lon qilindi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Umra tadbirini tashkil etish yuzasidan qo‘shma xabarnomasi e'lon qilindi. 

Foto: Saudi Press Agency/Handout via REUTERS

Ma'lum qilinishicha, Saudiya Arabistonidagi koronavirus kasalligi bilan bog‘liq jiddiy holatlar kelib chiqqanidan buyon «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi Saudiya tomoni bilan mazkur tadbirlar bilan bog‘liq yangilik va jarayonlar borasida muntazam muloqot qilib kelmoqda.

Hozirda podshohlikda Umra ibodatini ado etuvchilar soni cheklangan bo‘lib, (kunlik ziyoratchilar soni 15 mingta) maxsus onlayn navbat dasturi orqali ro‘yxatga olinmoqda va ziyoratchilarning Masjidul Harom hududiga kirishlari tashkiliy ravishda amalga oshirilmoqda.

1 noyabrdan xorijiy fuqarolarga ruxsat berish yuzasidan bildirilgan Saudiya Haj va umra vazirligi bayonotida Umra ibodatiga keluvchilar uchun bir qancha shart va talablar belgilangan.

Jumladan, unda umra ziyoratchisining yoshi 18 dan 50 yoshgacha bo‘lishi (Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vazirligi taklifiga ko‘ra), koronavirusdan holi ekanini isbotlovchi manfiy natijali PZR tahlili natijasini taqdim etishi, ushbu tahlil 72 soat ichida olingan bo‘lishi va ishonchli laboratoriyada amalga oshirilishi zarurligi, «Umra qildik» programmasi orqali (Ikki Haramga kirish uchun onlayn navbat) ro‘yxatdan o‘tib, o‘z onlayn tartibiga ko‘ra umra ibodatini ado etish, Masjidul Haromda namoz o‘qish, Masjidun Nabaviyni ziyorat qilish va Ravzai sharifda namoz o‘qish bilan bog‘liq rejali ishlar uchun oldindan buyurtma berish, Saudiya Arabistoniga yetib kelgandan so‘ng belgilangan mehmonxonada 3 kun karantinda bo‘lishi va boshqa shu kabi talablar belgilangan.

Saudiya mutasaddi idoralari tomonidan epidemiologik holat bo‘yicha Umra ziyoratini tashkil etish uchun ruxsat etilgan davlatlar ro‘yxati alohida e'lon qilinishi qayd qilingan. O‘z navbatida, «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashi Saudiya Arabistoni rasmiylari bilan mazkur masalalar bo‘yicha belgilangan karantin talablari asosida Umra ziyoratini tashkil etish yuzasidan muzokaralar o‘tkazmoqda.

Shuningdek, Umra safari bilan bog‘liq yakuniy qarorlar yuzasidan tez kunlarda rasmiy bayonot berilishi ma'lum qilindi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top