21:02 / 30.10.2020
4540

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tashqi reklama bozori ishtirokchilari e'tirozlariga javob qaytardi

Hukumatning tashqi reklamani tartibga solishga doir qarori yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar     tashqi reklama bozori ishtirokchilarining e'tirozlariga sabab bo‘ldi. Bu haqida ijtimoiy tarmoqlar va turli ommaviy axborot vositalarida turkum maqola va materiallar e'lon qilindi. 

Monopoliyaga qarshi kurashish davlat qo‘mitasi xuzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi soha vakillarining e'tirozlariga sabab bo‘layotgan Hukumat qarori va uning qabul qilinishi tarixiga oid axborot berdi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment to‘g‘risida” 2018 yil 17 avgustdagi PF-5515-son Farmoniga asosan (7-ilova, 23-band), tashqi reklama obektlari qurilmalarini joylashtirishga ruxsatnoma berish va reklama faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikning ijrosini nazorat qilish tizimini takomillashtirishni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, mazkur Farmon bilan (3-ilova, 22-band) Toshkent shahar hokimligi reklama-axborot faoliyati bo‘yicha komissiyasi (komissiyaning Ishchi organi “Toshkent reklama servis” DUK hisoblanadi) tugatilib, uning funksiyalari Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasiga o‘tkazilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi “Tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 702-sonli qarorining 3-bandiga asosan, Adliya vazirligiga tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqini rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma'muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

O‘z navbatida, Adliya vazirligi tomonidan joriy yilda normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi ishlab chiqilib, saytida ID-19200 ro‘yxat raqami bilan joylashtirilgan va bugungi kunda Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklamani tartibga solish to‘g‘risida”gi 104-son qarorining 2-bandi va qarorga 4-ilovaning 21-bandiga asosan ushbu qaror qabul qilingunga qadar qonun hujjatlariga muvofiq tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish uchun tuzilgan shartnomalar, berilgan pasportlar, guvohnomalar, sertifikatlar, ruxsatnomalar va huquqni belgilovchi boshqa hujjatlarning amal qilishini uzaytirishga tasdiqlangan yig‘im miqdori to‘langanidan keyin ruxsat etilishi belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi 104-son qarori qabul qilinishini quyidagi bir qator omillar taqazo etgan. Jumladan:

  • tashqi reklamani joylashtirish tartibini belgilash masalasi hokimliklar vakolatida bo‘lganligi sababli, har bir hududda turli yondashuvlar bilan alohida tartib o‘rnatilganligi – tadbirkorlar uchun noqulayliklar keltirib chiqargan;
  • tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) qurish uchun beriladigan yer uchastkalari ro‘yxati shakllantirilmagan va bu borada shaffoflik ta'minlanmagan;
  • tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish uchun tuzilgan shartnomalar va berilgan pasportlarning amal qilish muddatlari aniq belgilanmagan, bu esa o‘z navbatida tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari poymol bo‘lishiga olib kelishi mumkin;
  • tashqi reklama konstruksiyalarini joylashtirganlik uchun tariflarni hokimliklar tomonidan belgilashda yagona yondashuv ta'minlanmagan, ya'ni hisoblash tartibi, metodikasi (formulasi) bo‘lmagan, hududiy zonalar koeffitsiyentlari qo‘llanilmagan;
  • hokimliklarda tashqi reklama masalalari bilan bevosita shug‘ullanuvchi tuzilma mavjud bo‘lmaganligi oqibatida tashqi reklamani nazorat qilish ishlari e'tibordan chetda qolib ketgan.

Natijada, aksariyat hollarda tuman (shahar)lar hududida respublikaning boshqa hududidagi reklama tarqatuvchi tomonidan reklama vositasi o‘rnatilsa ham, bu holat nazoratga ham, hisobga ham olinmagan. Shu bilan birga, madaniy-tarixiy obektlar binolarida va ularning hududida tijorat reklamalarini joylashtirish holatlariga ham yo‘l qo‘yilgan.

Qaror loyihasi belgilangan tartibda mutasaddi vazirlik va idoralar bilan kelishilib, shuningdek, reklama sohasidagi tadbirkorlik sub'yektlari va nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ishtirokida keng muhokama qilingan holda ishlab chiqilgan.

Qarorning tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari) joylashtirilishini tartibga solish borasidagi yana bir muhim jihati – mazkur qaror talablariga muvofiq holda bitta reklama joyida bir nechta tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari) qurilganligi va ular turli tadbirkorlik sub'yektlariga tegishli ekanligi aniqlangan taqdirda, qayta elektron auksion o‘tkazish orqali ushbu joyda faqat bitta tashqi reklama obektini (konstruksiyasini) qurish huquqi beriladi (qarorning 2-bandi “j” kichik bandi).

Jahon tajribasida bu kabi amaliyotni AQSh, Yevropa, Koreya, Yaponiya, Rossiya va boshqa davlatlarda ham kuzatishimiz mumkin.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi 104-sonli “Tashqi reklamani tartibga solish to‘g‘risida”gi qarorining 7-bandiga asosan tashkil etilgan maxsus ishchi guruhlar tomonidan barcha turdagi tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari) ushbu qaror talablariga muvofiqligi yuzasidan xatlovdan o‘tkazilgan va natijalari bo‘yicha reklama egalariga xulosa hamda ko‘rsatmalar taqdim etilgan. O‘z navbatida, qaror talablaridan kelib chiqib, tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari) egalari mazkur qaror talablariga javob bermaydigan holatlarni ushbu qaror qabul qilingan sanadan boshlab olti oy ichida bartaraf etish lozimligi ko‘rsatmalarda qayd etilgan.

Shu bilan birga, qarorga muvofiq Toshkent shahrida bosqichma-bosqich ravishda 2020 yil 31 dekabrga qadar birinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida faqat video ekranli va 2021 yil 31 dekabrga qadar ikkinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida aralash turdagi yuqori texnologiyali tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari) o‘rnatilishi nazarda tutilgan bo‘lib, ushbu topshiriq ijrosini ta'minlash maqsadida Toshkent shahar hokimligi tomonidan yuqori texnologiyali tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari) o‘rnatilishi lozim bo‘lgan 217 ta (shundan 94 tasi birinchi va 123 tasi ikkinchi darajali) ko‘chalar ro‘yxati shakllantirilgan (Toshkent shahrida jami ko‘chalar 1300 tadan ortiq).

Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 11 noyabrdagi 251-sonli “Toshkent shahrini obodonlashtirish ishlarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorining 4-bandiga asosan Toshkent shahar hokimligi obodonlashtirish ishlari arxitektura-qurilish hamda sanitariya me'yorlari va qoidalariga qat'iy muvofiq holda, shuningdek poytaxt shaharning tashqi qiyofasiga qo‘yiladigan zamonaviy talablarni hisobga olgan holda tashkil etilishi va amalga oshirilishini ta'minlash vazifasi yuklatilgan.

Bu borada reklama bozori ishtirokchilari bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan yuqori texnologiyali tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari) o‘rnatilishi lozim bo‘lgan ko‘chalar ro‘yxatini, bunday obektlarni Toshkent shahrining asosan markaziy hududidagi ko‘chalar (shoh ko‘chalar)da o‘rnatilishi nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish (ro‘yxatni qisqartirish) to‘g‘risida Toshkent shahar hokimligiga tegishli taklif kiritildi.

O‘z navbatida, Vazirlar Mahkmasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklamani tartibga solish to‘g‘risida”gi Qarorining 1-ilovasi 11 bandiga asosan tashqi reklama va uning vositalarining aholi uylari oynalariga bevosita yaqinlikda joylashtirish, xonadon egalari dam olishlariga xalaqit berishi, tashqi reklama o‘z yorug‘ligi va aksi bilan iste'molchilarga ortiqcha noqulayliklar tug‘dirishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari)ni yoritish moslamalari bilan jihozlanganligini rivojlangan davlatlar (Yevropa, AQSh, BAA, Koreya, Yaponiya) amaliyotida ham kuzatishimiz mumkin. Xususan AQShda yoritish moslamalariga ega tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari) uchun mo‘ljallangan joylar ro‘yxati qonun bilan tartibga solinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan reklama bozori ishtirokchilari – tadbirkorlik sub'yektlarini moliyaviy qo‘llab quvvatlash maqsadida, tashqi reklamani joylashtirish uchun mahalliy hokimiyati organlari tomonidan undiriladigan yig‘imni 3 oy muddatga to‘xtatish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar xokimliklariga tegishli taklif kiritilgan (Qo‘mitaning 2020 yil 7 apreldagi 259/01-26-sonli xati).

2020 yil 6 iyunda Xalq deputatlari, shu jumladan tadbirkorlik sub'yektlar vakillari tarkibidan tashkil topgan Toshkent shahar kengashining «Toshkent shahrida tashqi reklama obektlari uchun yig‘imlar miqdorini belgilash to‘g‘risida»gi 96/12-6-son qarori qabul qilingan bo‘lib, qaror rasmiy e'lon qilingan kundan boshlab 3 (uch) oy o‘tgach kuchga kirishi belgilangan. 2020 yil 9 sentyabrdan boshlab Toshkent shahrida tashqi reklama obektlariga (konstruksiyalariga) tashqi reklamani joylashtirish uchun yig‘imlar miqdori:

  • yer uchastkalariga o‘rnatilgan alohida turuvchi konstruksiyalar uchun 1 kv.m uchun bir oyga 5000 (besh ming) so‘m;
  • binolar, inshootlar va qurilmalardagi reklama konstruksiyalari uchun 1 kv.m uchun 5000 (besh ming) so‘m belgilangan.

Bunda tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari) uchun yig‘im miqdori hududiy zonalar koeffisentiga qarab undiriladi. Nukus shahri va viloyat markazlarida o‘rnatilgan tashqi reklama obektlari uchun belgilangan yig‘im miqdori Toshkent shahri uchun belgilangan yig‘im miqdorlaridan oshmasligi kerak.

(misol uchun: Toshkent shahar 1 m2 uchun 1 zona hududi 5000 ming so‘m x 3 koeffisent = 15 000 ming so‘m, Qarshi shahar 1 m2 uchun 1 zona hududi 5000 ming so‘m 2,5 koeffisent = 12 500 o‘n ikki ming besh yuz so‘m).

Tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) qaror talablariga muvofiqlashtirish yuzasidan ularning egalariga tuman (shahar) hokimliklari tomonidan ko‘rsatmalar berilgan.

Maxsus ishchi guruh a'zolari tomonidan xatlov natijalari yuzasidan rasmiylashtirilgan xulosalarni qonuniyligi va ishonchliligi uchun, shuningdek hokimliklar tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari) egalariga ushbu qaror talablariga javob bermaydigan holatlarni bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatmalarni o‘z muddatida yuborilishi uchun shaxsan javobgardir.

Tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari) egalari maxsus ishchi guruhlarning xulosalari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan o‘tkazilgan xatlov natijalaridan norozi bo‘lgan taqdirda o‘rnatilgan tartibda sudga shikoyat qilish huquqiga egadirlar.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi 104-sonli “Tashqi reklamani tartibga solish to‘g‘risida”gi qaror talablariga asosan tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqi olish uchun quyidagi tartib o‘rnatilgan:

tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish uchun yer uchastkalari, davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlar ro‘yxatini shakllantirish, tavsiya etiladigan reklama konstruksiyalari turlari va ularni joylashtirish xaritalari (sxemalari)ni tuzish hamda ommaviy axborot vositalarida e'lon qilish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan;

tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) yer uchastkalarida, shuningdek, davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlarda joylashtirish huquqini berish “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida ochiq elektron auksionlar orqali;

“E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida ochiq elektron auksionlar orqali berilgan tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) yer uchastkalarida, shuningdek, davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlarda joylashtirish huquqiga shartnomalar tuzish tuman (shahar) hokimlari tomonidan;

tashqi reklama inshootlariga egalik huquqlarini, shu jumladan, joylari pasportlarini rasmiylashtirishni tadbirkorlik sub'yektlariga Davlat xizmatlari ko‘rsatish markazi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Shu bilan birga, tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqini berish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tartibga solinadi.

Misol tariqasida, Samarqand viloyati hokimligi tomonidan tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish uchun yer uchastkalari ro‘yxati shakllantirildi va tavsiya etiladigan reklama konstruksiyalari turlari bilan auksion savdolariga chiqarildi

O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunining 43-moddasiga asosan Vazirlar Mahkamasi o‘z vakolatlari doirasida hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy rivojlantirishni ta'minlash bilan bog‘liq masalalarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirib borishi belgilangan.

Reklama sohasidagi yana bir amaliy chora-tadbirlardan biri bu tashqi reklamani joylashtirish sohasida normativ huquqiy bazani shakllantirilganligi.

Reklama to‘g‘risidagi qonunning 20-moddasida tashqi reklamani joylashtirish tartibi mahalliy hokimliklar tomonidan ishlab chiqilishi belgilangan bo‘lib, shunga ko‘ra barcha viloyatlarda har xil talab va turlicha tariflar amalda bo‘lgan. Texnik talablar va normativlar bo‘lmagan.

Bu esa o‘z navbatida, birinchidan ushbu sohada tartibsizlik keltirib chiqargan bo‘lsa, ikkinchidan sohani barcha hududlarda bir tekis rivojlanishiga va barcha viloyatlarda teng sharoitlar yaratilmasligiga olib kelgandi.

Bu kabi holatlarni bartaraf etish maqsadida reklama bozori ishtirokchilarining takliflari va xorijiy tajriba asosida tashqi reklamani joylashtirishning va tarif belgilashning yagona tartibi ishlab chiqildi.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi 104-sonli qarori tarixiy-shaharsozlik muhiti va tuman (shahar)larning mavjud binolari me'moriy qiyofasini saqlab qolish, reklama konstruksiyalarini o‘rnatish va ulardan foydalanishni tartibga solishni nazorat qilish, tashqi reklama sohasining barcha ishtirokchilari uchun teng huquqlarni ta'minlaydigan tamoyillar va shartlarni shakllantirish maqsadida qabul qilingan” deyilgan agentlikning Kun.uz’ga yo‘llangan axborotida.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz reklama konstruksiyalari egalari va ushbu sohani nazorat qiluvchi davlat tashkilotlari vakillari o‘rtasida ochiq munozara minbarini tashkil qilib, vujudga kelayotgan muammolar atroflicha muhokama qilingandi.

Top