20:34 / 30.10.2020
4779

Ukraina konstitutsion sudi rahbari davlatga xiyonatda ayblanmoqda

Avvalroq Ukraina konstitutsion sudi rahbari prezident Zelenskiyning Konstitutsion sud tarkibi vakolatlarini bekor qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini konstitutsion to‘ntarish alomatlariga ega deb baholagandi.

Foto: RBK-Ukraina

Ukraina davlat tergov byurosi bir guruh shaxslar tomonidan yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olish va mamlakat konstitutsion sudi rahbari Aleksandr Tupitskiyning davlatga xiyonati bo‘yicha sudga qadar surishtiruv boshladi. Bu haqda tergov byurosi direktori vazifasini bajaruvchi Aleksey Suxachov ma'lum qildi.

"Dastlabki ma'lumotga ko‘ra, konstitutsion sud rahbari 2018 yil iyulda bir guruh shaxslar tarkibida Ukraina qonunchiligi bo‘yicha belgilangan tartibda o‘ziga ajratilmagan yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan va ushbu yer uchastkasini Rossiya yurisdiksiyasi ostiga o‘tishiga imkon beradigan shartnoma tuzgan", - deyiladi davlat tergov byurosi xabarida.

Qayd etilishicha, shu tarzda konstitutsion sud rahbari Ukraina suvereniteti, hududiy yaxlitligi, davlat va iqtisodiy xavfsizligiga zarar yetkazadigan harakatni sodir etgan. Ukraina Jinoyat kodeksi moddalariga ko‘ra, yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, davlatga xiyonat uchun 12 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan.

Avvalroq Ukraina konstitutsion sudi rahbari prezident Zelenskiyning Konstitutsion sud tarkibi vakolatlarini bekor qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini konstitutsion to‘ntarish alomatlariga ega deb baholagandi.

Top