12:37 / 31.10.2020
8649

14 noyabrdan O‘zbekistondagi xususiy bandlik agentliklari yangi tartibda faoliyat yurita boshlaydi

2018 yili O‘zbekistonda fuqarolar bandligiga ko‘maklashish maqsadida xususiy bandlik agentliklari faoliyatiga ruxsat berilgan edi. Dastlabki vaqtlarda ushbu faoliyat bilan shug‘ullanish uchun 103ta agentlik litsenziya olgan bo‘lsa, hozirda ularning 25tasigina faoliyatini davom ettirmoqda.

Bu haqda Toshkentdagi Monomarkazda bo‘lib o‘tgan tadbirda Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash masalalari departamenti mudiri Mehriddin Xayriddinov ma’lum qildi.

«Shu kungacha 103 ta xususiy bandlik agentligi reyestr ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, shundan 75 ta XBAlarga vakolatli organ tomonidan belgilangan tartibda litsenziya berilgan va hozirda 25 tasi ushbu litsenziya asosida faoliyat yuritmoqda.

Achinarlisi, xususiy bandlik agentliklari tomonidan litsenziya talablari va shartlarini buzish holatlari uchramoqda.

Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda 11 ta XBAning 51 nafar rahbar va mas’ul xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mazkur XBAlar tomonidan jami 9338 nafar fuqarodan 79,1 mlrd. so‘mga yaqin pul mablag‘lari firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib olingan», - dedi Bosh vazirning tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha maslahatchisi Mehriddin Xayriddinov.

Shu bilan birga, 2019-2020 yillarda XBAlarning sa’y-harakati natijasida 3224 o‘zbekistonlik Rossiya, Turkiya, Litva, Latviya, Polsha, Bolgariya, BAA, Belarus, Yaponiya, Qozog‘iston, Ukraina va Qatar kabi davlatlarga qonuniy tarzda ishga joylashtirilgan.

Afsuski, XBAlar tomonidan turli qonun buzilishlariga yo‘l qo‘yilayotgani bois, XBA tomonidan jinoiy harakatlarning oldini olish maqsadida 2020 yil 13 avgustda “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi O‘zR qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ushbu o‘zgarishlar 14 noyabrdan e’tiboran amal qila boshlaydi.

Xo‘sh, endilikda, XBAlar qanday tartibda ishlay boshlaydi?

  • XBA xorijda ish qidirayotgan shaxslarga yozma shaklda bildirishnomada ishga joylashtirganlik uchun mijozdan haq undirmasligi qayd etiladi;
    Mazkur bildirishnomada XBA shartnoma majburiyatini bajarmaganda yoki lozim darajada bajarmaganda murojaat qilishi uchun XBAning hamda O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining pochta manzili hamda telefon raqamlari ko‘rsatiladi.
  • XBAdan jamg‘armaga olinadigan zaxira mablag‘i miqdori bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz ming besh yuz baravari (8500 karra – 182 755 AQSh dollari)ni tashkil etadi.
  • Xorijga ishga joylashtirilayotgan shaxslardan bevosita xizmat haqi undirilmaydi, aksincha, XBA xizmat haqini xorijdagi ish beruvchi to‘lab beradi.
  • XBAning fuqaroga beradigan axborot va maslahat xizmatlari qiymati bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan oshmaydi.
  • XBA fuqaro bilan shartnomasini Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “labormigration.uz” axborot tizimida real vaqt rejimida ro‘yxatdan o‘tkazishi belgilab qo‘yildi.

Kun.uz muxbiri xorijiy ish beruvchilarning XBAlar xizmat haqini to‘lab berishi o‘zbekistonlik ishchilarning jahon mehnat bozoridagi raqobatbardoshligiga qanchalik salbiy ta’sir etishi mumkinligiga qiziqdi. Bu savolga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi yuridik boshqarmasi boshlig‘i Kamola Shukurova quyidagicha izoh berdi.

«O‘zbek ishchilari jahon mehnat bozorida raqobatbardoshligini yo‘qotmaydi. 181-sonli Xalqaro konvensiya bor. “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi ushbu konvensiyaning 7-moddasiga asosan XBA talabgordan ko‘rsatgan xizmati uchun pul olishi taqiqlangan. Chunki ish izlab yurgan fuqaro moliyaviy og‘ir ahvolda qolgan fuqaro hisoblanadi.

Shu bois butun dunyoda shunday tajriba yo‘lga qo‘yilgan. Bundan kelib chiqadigan bo‘lsak, o‘zbek mehnat migrantlari va boshqa mehnat migrantlari bir darajada bo‘ladi. Ular, endilikda, xorijlik hamkasblari bilan mehnat malakasi bo‘yicha raqobatlashadi», – dedi Kamola Shukurova.

Top