18:11 / 01.11.2020
13910

Onlayn ta'lim, XTB mudirlari va «Tarbiya» darsligi - Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari bilan suhbat

Maktablarda 2020-2021 o‘quv yili boshqa yillarga qaraganda ancha farqli – gibrid shaklda boshlandi. O‘qituvchilar bayrami arafasida esa prezident ham tabrik, ham murojaat mazmunida nutq so‘zlab, muhim takliflarni ilgari surdi.

Biz maktablar faoliyatiga doir savollar bilan Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev bilan suhbatlashdik.

– Prezident 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasidagi nutqida xalq ta'limi bo‘limlari mudirlari faoliyati qoniqarli emasligini ta'kidladi. Ularning faoliyatida qanday kamchiliklar ko‘zda tashlanmoqda?

– Prezident o‘z nutqida xalq ta'limi bo‘limi mudirlari faoliyatida zarur vakolat yo‘qligini ta'kidladi. Ular hattoki maktab direktorini ishdan bo‘shatish vakolatiga ega emas. Yoki bo‘lmasa, namunali direktorlarni rag‘batlantirish uchun Xalq ta'limi bo‘limlarida jamg‘armalari ham yo‘q.

Albatta, 200dan ortiq tuman va shaharlar bo‘lsa, ularning barchasida XTB mudirlarini zo‘r ishlayapti deyishimiz qiyin. Shu bilan birga, ularning muammolari ham bor: yuqoridagilardan tashqari, ayrimlarida binolari ham yo‘q. Shuning uchun prezidentimiz tuman, shahar, viloyat xalq ta'limi bo‘limi mudirlari bir vaqtning o‘zida hokimning maorif bo‘yicha maslahatchisi sifatida ham ish yuritishi taklifini ilgari surdilar.

Agar xalq ta'limi bo‘limi mudiri hokim oldiga kirib hududdagi muammolarni aytolsa, o‘sha yerdagi ta'limga oid ko‘plab masalalar o‘z vaqtida hal etilishiga erishgan bo‘lardik. Masalan, biror bir maktabni ta'mirlash kerak bo‘lsa, suv olib kelish bo‘lsa, issiqlik ta'minoti bo‘yicha muammosi bo‘lsa, mahalliy budjet nuqtayi nazaridan, XTB mudiri hokimga uning o‘rinbosari orqali emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘ziga murojaat qilib, muammolarni hal qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Umumiy savol bermoqchiman: biz onlayn ta'limda nimalarni yutamiz va boy beramiz?

Dilshod Kenjayev

– Onlayn ta'limning ijobiy tomonlari ko‘p. Shu bilan birga, salbiy tomonlarini ham aytib o‘tish kerak. Avval ijobiy tomonlarini aytadigan bo‘lsa, birinchi navbatda pandemiya sharoitida o‘quvchi bilimsiz qolib ketmayapti. Ikkinchidan, zamonaviy axborot texnologiyalari har bir oilaga kirib boryapti. Uchinchidan, eng chekka hududlardagi o‘quvchilar ham onlayn darslar uchun saralab olingan malakali o‘qituvchilar orqali bilim olishmoqda. Demakki, o‘z maktabidagi o‘qituvchisining darajasidan qat'i nazar, onlayn ta'limda 6,2 million o‘quvchi eng mahoratli o‘qituvchilardan bilim o‘rganish imkoniga ega bo‘ldi.

To‘rtinchidan, o‘qituvchilarning o‘zlari ham onlayn darslarni ko‘rib, hamkasblarining dars o‘tish metodikasi bilan tanishishmoqda.

Bundan tashqari, onlayn darslarda o‘quvchi o‘tilgan darslarni takroran ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi: darslar televideniyeda takroran efirga uzatilyapti, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarimizga darslar videosini yuklayapmiz. O‘quvchi xohlagan paytda darsni qayta-qayta ko‘rishi mumkin.

Onlayn ta'limning kamchiliklari haqida aytadigan bo‘lsak, birinchi navbatda o‘quvchi va o‘qituvchi o‘rtasida muloqot yo‘qoldi. O‘qituvchi darsda o‘rtaga savol tashlasa, o‘nlab o‘quvchilar javob berish uchun qo‘lini ko‘tarishi mumkin. Onlayn darslarda esa real muloqot ancha kamayadi.

Ikkinchi masala, maktab – nafaqat bilim beruvchi, balki bolalarning ijtimoiylashuviga ko‘maklashuvchi muassasa. O‘quvchi u yerga borib ijtimoiylashadi, do‘stlari bilan muloqotga kirishadi. Onlayn ta'limda esa u asosan ota-onasi bilan muloqotda bo‘lyapti.

Ayni paytda davom etayotgan gibrid formatdagi ta'limda, onlayn o‘qishni istaganlar hisobiga bevosita maktabga kelib o‘qiyotgan o‘quvchilar soni kamaydi, bu esa o‘qituvchi uchun qulaylik, axir bitta darsda 30 nafar bolani baholash qiyin, o‘qituvchi endi har bir bola bilan individual ishlashga imkoniyati ko‘proq.

Hozirda o‘qituvchilarning vazifasi ham ko‘paydi: ayrim o‘quvchilar onlayn ta'lim olishsa, qolganlari maktabga borib o‘qishyapti. Ularning ta'lim olishini birday nazorat qilish mushkul masala.

– Chekka hududlarda o‘quvchilarni onlayn ta'lim bilan qamrab olinishini ta'minlash bo‘yicha vazirlik qanday ishlarni amalga oshiryapti?

– To‘g‘ri, hamma joyda internet sifati talab darajasida, deb aytolmaymiz. Bu masalani hal qilish bizning vakolatimizga kirmaydi, lekin biz bola qanday ta'lim olayotgani bilan qiziqamiz.

Internet yetib bormagan joylarda bolaning onlayn ta'lim olishini qanday nazorat qilish mumkin? O‘qituvchi bolaning ota-onasi bilan aloqada bo‘lib, uning ta'lim olishini nazorat qilib turishi mumkin yoki bolaning uyiga borib kelsa ham bo‘ladi.

O‘rganib chiqqanimizda ma'lum bo‘ldiki, onlayn ta'limga sharoiti yo‘q o‘quvchilarning aksariyati maktabga kelib o‘qishyapti.

Hozirgi paytda yoshlar ongida «ma'naviyat» tushunchasiga nisbatan salbiy fikr shakllangan. Yangi joriy etilayotgan  «Tarbiya» fani dasturida shu jihat ham hisobga olinganmi?

– Maktab tizimida, yaxshi bilasiz, qator yillar o‘qituvchi daladan beri kelmagani sababli faqat «Odobnoma» yoki «Tarix» kabi fanlar emas, barcha fanlarda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari o‘z-o‘zidan tushib ketdi.

Ma'naviyat kerakmi, degan savollar bo‘ladi. Ma'naviyat kerak. A'lochi bo‘lish mumkin, lekin ma'naviyatli bo‘lmasa, davlatiga hech qachon foyda keltirmaydi. Bolaga ma'naviyat-ma'naviyat deb gapirish kerak emas, ana shu ma'naviyatni unda tarbiyalashimiz kerak. Qanday qilib? «Tarbiya» darsligi orqali «Assalomu alaykum» deyish nimaligini, ertalab yuz-qo‘lni yuvish kerakligini, ota-onaga salom berish, o‘qituvchini hurmat qilish, ta'lim olish kerakligini bolaga oddiy qilib, uning tilida tushuntirib berishimiz kerak.

«Tarbiya» darsligi oldingi «Odobnoma», «Vatan tuyg‘usi» darsliklaridan tubdan farq qiladi. Yangi darslikda o‘quvchilarning mustaqil fikrini ifodalashiga ko‘proq e'tibor berganmiz. U yerda shunchaki yodlanadigan qoidalar yo‘q.

Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi.
Tasvirchi – Asad Allanazarov.

Top