22:36 / 02.11.2020
10877

Fanerli saylov. AQShdagi yirik shaharlarda ehtimoliy tartibsizliklarga tayyorlanishmoqda

AQSh poytaxti ommaviy tartibsizliklarga tayyorlanmoqda. Mehmonxonalar, banklar, do‘konlar va restoranlar binolari sirti himoya panellari bilan qoplangan, federal binolarni qo‘riqlash uchun qo‘shimcha harbiylar jalb etilgan.

Mario Cruz / EPA / Scanpix / LETA

Saylovlar arafasidagi dam olish kunlarida Vashingtonda bolg‘alar va «bolgarka» ovozi tinmadi. Shahar markazidagi ofislar binolari oldida, mehmonxonalar va restoranlarning kirish qismida faner listlarining haqiqiy piramidalari hosil bo‘ldi. Deyarli har bir inshoot oldida bir guruh ishchilar oyna va vitrinalarni yog‘och qobiqlar bilan o‘rab qo‘yish uchun kuymalanishayotganiga guvoh bo‘lish mumkin edi.

«Biz iyun oyida, Jorj Floydning o‘limidan keyingi ilk namoyishlar vaqtida ham shunday qilgandik», dedi BBC rus xizmati muxbiri bilan suhbatda endigina 19-ko‘chadagi Jos A Bank nomli kiyimlar do‘konini yog‘och qobiqlar bilan himoyalash ishlarini yakunlagan quruvchilar boshlig‘i Diyego Dias.

CVS dorixonalar tarmog‘i o‘tgan haftadayoq butunlay faner panellar bilan o‘rab olingandi. 

«Yozdagi namoyishlar vaqtida dorixonamiz talon-toroj qilingandi. Hozir biz barchasi tinch o‘tishiga umid qilmoqdamiz, lekin har ehtimolga qarshi xavfsizlikni ta'minlab qo‘ydik», degan menejyer Frenk.

Mario Cruz / EPA / Scanpix / LETA

Yomon ssenariy
Oktabr oyi oxirida YouGov kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning qariyb 56 foizi AQShdagi saylovlar kunida ommaviy namoyishlar va zo‘ravonlik holatlari kuzatilishiga shubha qilmaydi.

Mamlakatdagi bir necha shtat va shaharlar rasmiylari voqealarning eng yomon rivojiga ham tayyorlanib turibdi.

O‘tgan haftada Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom Politico nashriga bergan intervyusida aytishicha, shtat ma'murlari ovozlarni hisoblash jarayoni ommaviy tartibsizliklar bilan birga kechishi, ko‘chalarda Tramp va Bayden tarafdorlari o‘rtasida haqiqiy to‘qnashuvlar kelib chiqishini istisno etmayapti.

«Biz hamisha turli ssenariylarni hisobga olamiz va ularga oldindan tayyorlanamiz», degandi gubernator.

Chikago merligi ham saylovga tayyorlanish jarayonida barcha operativ xizmatlarning maxsus mashg‘ulotlarini o‘tkazdi.

«Bahor va yozda nimalar bo‘lganini hisobga olsak, biz oldindagi kunlar tinch o‘tishiga umid ham qilmaymiz va eng yomoniga tayyorlanamiz», deya ochiq gapirgan o‘tgan haftadagi matbuot anjumani vaqtida Chikago meri Lori Laytfut.

AQSh ichki xavfsizligi vazirligi mamlakatning yirik shaharlaridagi hukumat binolari muhofazasi uchun qo‘shimcha maxsus otryadlar yuborgan.

«Bizning bo‘linmalarimiz zarurat tug‘ilganda ishga solinadi, lekin hozircha bizda tartibsizliklar rejalashtirilayotgani to‘g‘risida hech qanday ma'lumot yo‘q», degan vazirlikning yuqori martabali amaldori Ken Kuchchinelli CNN  muxbiriga bergan intervyusida.

Shu telekompaniyaning AQSh administratsiyasidagi manbasi saylovda Donald Tramp g‘alaba qozongudek bo‘lsa, AQShning yirik shaharlarini namoyishlar to‘lqini qamrab olishi mumkinligini aytgan. Federal hukumat saylov natijalaridan keyin Nyu-York, Vashington va demokratlar tarafdorlari ko‘pchilikni tashkil etuvchi boshqa shaharlarda ommaviy namoyishlar boshlanib ketishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Shu bilan birgalikda, amaldorlar Jo Baydenning g‘alabasi keng ko‘lamli namoyishlarga sabab bo‘lmasligini aytishmoqda.

Mario Cruz / EPA / Scanpix / LETA

Tramp nima qilmoqchi?
Bunday prognozlar berilishining asosiy sababchisi prezident Trampning bayonotlaridir. So‘nggi oylarda u bir necha marta saylovlar vaqtida soxtalashtirishlar ro‘y berishini aytib, o‘z tarafdorlarini saylov kunida «demokratlar undan g‘alabani tortib olishi»ga xalal berish uchun saylov uchastkalariga kelishga chaqirdi.

AQSh prezidenti saylovda yutqazgan taqdirda hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirishi mumkinligi haqidagi savolga javob berishni istamayapti, o‘tgan haftaning juma kunida esa u tvitterdagi sahifasida saylovda Jo Bayden g‘alaba qozonishi ehtimolini absurd deb atadi va bu faqat Oliy sud saylov natijalariga aralashgan taqdirda ro‘y berishi mumkinligini aytdi.

Baydenning shtabi bunga xuddi shu taxlit javob qaytardi.

«Qo‘shma shtatlar hukumati Oq uyga noqonuniy kirib olganlarni chiqarib yubora oladi», dedi sobiq vitse-prezident shtabi vakili.

Saylovoldi yo‘qotishlari
Saylov kuniga bir necha hafta qolganidayoq Vashingtondagi tadbirkorlar ommaviy aksiyalar tufayli ro‘y berishi mumkin bo‘lgan yo‘qotishlarini hisoblay boshlashgandi.

«O‘tgan yozda talonchilar mening uchta restoranimdagi oynalarni sindirib, mebellarga shikast yetkazishgandi. Sug‘urta kompaniyalari shu vaqtgacha keltirilgan zararni qoplay olmadi, hozirda men tartibsizliklar takrorlanmasligiga, namoyishlar tinch o‘tishiga umid qilyapman», degan Amerika poytaxtidagi Knighsbridge Restaurant Group restorani xo‘jayini Ashok Bajaj.

O‘tgan yozda politsiya zo‘ravonligiga qarshi namoyishlar asosan tinch tarzda o‘tgan bo‘lsada, namoyishlarning ilk kunlari talonchilik holatlari bilan birga kechgandi. O‘shanda uyushgan guruhlar mashinalarni yoqishgan, do‘konlar va restoranlarning vitrinalarini sindirib, ichkaridagi buyumlarni ko‘chaga uloqtirishgandi.

Shu vaqtgacha talonchilik holatlari tufayli yetkazilgan zarar miqdori aniq hisoblanmagan. Vashington sug‘urta ma'lumotlari instituti (Insurance Information Institute) xodimi Loretta Vortersning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yozdagi tartibsizliklar tufayli yetkazilgan zarar miqdori 500 mln dollardan 900 mln dollargacha bo‘lishi mumkin.

«Men sug‘urta kompaniyalari hali ham zarar yetgan va o‘g‘irlangan mulklar uchun tovon to‘lanishi uchun barcha zarur hujjatlarni rasmiylashtirmaganini istisno etmayman, shu tufayli jami zarar miqdori 2 mlrd dollarni tashkil etishi ham mumkin», deya taxmin qilgan u.

Vashingtondagi Service Channel firmasi ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi ikki hafta ichida Amerika poytaxtida quruvchilar firmalarga 310 kompaniya yog‘ochdan qilingan himoya vositalari bo‘yicha murojaat qilgan. 30dan ortiq firma esa saylovlar kunida qurolli qo‘riqchilar bilan ta'minlashni so‘rab murojaat etgan.

Ayrim tadbirkorlar esa bunday xavotirlar o‘rinsiz degan fikrda. Oq uydan ikki kvartal narida joylashgan Grilled Cheese Bar restorani xo‘jayini Bryus Klores va uning qo‘shnilari ham saylovlar arafasida vitrinalarni fanerlar bilan qoplashgan.

«Bu bino egasining talabi bo‘ldi, mening tashabbusim emas. Vashingtonda namoyishlar doim bo‘ladi, odatda odamlar namoyishlardan keyin restoranga kirib qahva va sendvich buyurtma qilishadi. Umid qilamanki, 3 noyabr kuni ham istisnoli bo‘lmaydi, shu kuni bizda mijoz ko‘p bo‘ladi», degan u.

Mario Cruz / EPA / Scanpix / LETA
Mario Cruz / EPA / Scanpix / LETA

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top