11:02 / 02.11.2020
3918

Toshkentda bolani o‘zbek tilidagi maktablarga o‘qishga berish ulushi 55,5 foizgacha yetdi - XTV

Ona tilidagi maktabda ta'lim olish fanlarni o‘zlashtirishga yordam berishini inobatga olib, poytaxtda o‘zbek tilidagi maktablarga birinchi sinfga o‘qishga berish ulushini 55,5 foizgacha orttirishga erishildi. 

Xalq ta'limi vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, bu 2018 yildagidan 7,5 foizga ko‘proq. 

Xalqaro tadqiqotlarga ko‘ra, o‘z ona tilidagi maktabda ta'lim olayotgan o‘quvchi fanlarni o‘zlashtirishi osonroq bo‘ladi. Ayniqsa, boshlang‘ich ta'lim davrida o‘quvchilarning oilada gaplashadigan tilda maktabda o‘qishi uy vazifalarini tayyorlashga va fanlarni o‘zlashtirishni yaxshilashga yordam beradi.

«Ba'zi ota-onalar o‘zi rus tilini yetarli darajada bilmasa-da, farzandini birinchi sinfga ruscha maktabga berishga harakat qilishlari natijasida, birinchidan, o‘quvchining o‘zi qiynalishi, ikkinchidan esa o‘qituvchi aynan o‘zlashtirishda orqada qolayotgan o‘quvchiga ko‘proq e'tibor qaratishini inobatga olib, bu rus tilidagi maktablarda boshqa o‘quvchilarning ham o‘zlashtirishiga salbiy ta'sir etayotgani kuzatilayotgan edi. 

Buning ustiga rus maktablarida bir sinfdagi o‘quvchilar soni me'yordan (35tadan) ortib ketishi ham o‘zining salbiy oqibatlariga ega edi. Ayniqsa yuqori sinflarga borganda boshqa predmetlarni (matematika, fizika, kimyo va h.k.) rus tilida o‘qitish bo‘yicha pedagoglar yetishmasligi, rus maktablaridagi o‘quvchilarning ushbu fanlar bo‘yicha o‘zlashtirishiga juda salbiy ta'sir etishi kuzatilgan», - deyiladi XTV ma'lumotida.

Qayd etilishicha, shuning uchun oxirgi ikki yil davomida poytaxtda o‘zbek tilida dars beriladigan maktablarning moddiy-texnik holatini yaxshilash va ta'lim sifatini oshirish bo‘yicha ishlar, jumladan, ushbu maktablarda rus va ingliz tillarini o‘qitishni yaxshilash bo‘yicha loyihalar natijasida 1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilar orasida o‘zbek tilida ta'lim olib boriladigan maktablarning ulushi 55,5 foizgacha ortdi. 2018 yilda bu ko‘rsatkich atigi 48 foiz edi. 

«O‘zbek tilidagi maktablar nufuzini oshirish bo‘yicha ishlar tizimli ravishda davom ettiriladi. Bu, o‘z navbatida, rus tilida dars beriladigan maktablardagi ta'lim sifatini oshirishga ham yordam beradi», - deyiladi vazirlik xabarida.

Mavzuga oid
Top