18:04 / 03.11.2020
50116

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘zgarmoqda

Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Abduhakim Mo‘minovich Hojiboyev vazirlikning yangi rahbari bo‘ladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati Abduhakim Hojiboyev nomzodi Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga ma'qullangani haqida xabar berdi.

«2020 yil 3 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga Abduhakim Hojiboyev nomzodini ko‘rib chiqdilar.

Xalq vakillari tomonidan Abduhakim Hojiboyev nomzodi ma'qullandi», deyiladi xabarda.

Abduhakim Hojiboyev 1951 yilda Toshkent viloyatining Zangiota tumanida tug‘ilgan. 1990-1999 yillarda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida bosh ilmiy xodim, akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgik markazida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

1999-2000 yillarda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori o‘rinbosari, 2000-2003 yillarda va 2007-2016 yillarda ilmiy markaz bosh direktori bo‘lgan.

U 2003-2007 yillarda va 2016-2017 yillarda ham Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. 2017 yil aprelida esa u Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori lavozimiga o‘tkazilgan va Bahodir Yusupaliyev Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

U 2020 yilning iyulida Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ish boshladi, unga koronavirusni davolash bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlarga mas'ul bo‘lish vazifasi topshirildi.

Endi u Alisher Shodmonovning o‘rnini egallaydi. Alisher Shodmonov 2017 yil fevralidan buyon vazirlikni boshqarib kelayotgandi.

Hozirda uning keyingi faoliyati to‘g‘risida ma'lumot yo‘q.

Mavzuga oid
Top