23:27 / 04.11.2020
57383

Baydenda rekord. U AQSh prezidentlik saylovlari tarixida 70 millionta ovoz to‘plagan ilk nomzod bo‘ldi

AQSh prezidentligiga demokratlardan nomzod qilib ko‘rsatilgan sobiq vitse-prezident Jo Bayden AQShdagi saylovlarda to‘plangan ovozlar soni bo‘yicha rekord o‘rnatdi. Ayni damgacha Baydenni qo‘llab 70 million, 25 ming 710 kishi ovoz bergan.

Foto: REUTERS

Shu vaqtgacha AQSh prezidentlik saylovlarida eng ko‘p ovoz olgan nomzod Barak Obama edi. Demokratlar vakili Obamaga 2008 yil 69 million 498 ming 516 kishi ovoz bergan. Bayden AQSh prezidentlik saylovlari tarixida 70 millionta ovoz olgan ilk nomzod bo‘ldi.

Bayden hali barcha byulletenlar hisoblab bo‘linmay bunchalik ko‘p ovoz olganiga sabab sifatida saylov jarayonining pochta orqali amalga oshirilgani aytilmoqda. Chunki bu yil saylovlarda rekord miqdorda ko‘p saylovchilar qatnashmoqda. Bu yil 160 million amerikalik ovoz berish jarayonida qatnashgan va bu barcha saylovchilarning 66,9 foizi degani. Foiz bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich esa 1900 yilda qayd etilgan (73,7 foiz). Bu yil 13 foiz saylovchilar ilk marta prezidentlik saylovlarida ovoz bergan.

Ayni damda Jo Bayden 238 nafar vakilning ovozini qo‘lga kiritib, saylovda yetakchilik qilmoqda. Trampga hozircha 213 vakil ovoz bergan. Umumiy ovozlar soni bo‘yicha Bayden Trampni deyarli 2,7 millionta ovozga ortda qoldirmoqda. Viskonsin, Nevada va Michiganda ham Bayden g‘alaba qozonishi kutilmoqda. Bu uch shtat Baydenga kerakli 270 ta ovozni to‘plashga yordam berishi mumkin.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Top