12:55 / 04.11.2020
4035

«O‘zbekneftgaz»: Hukumat ishchi guruhi «Uchqir» gazni oltingugurt birikmalaridan tozalash qurilmasi holatini o‘rgandi

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari «O‘zbekneftgaz» AJga qarashli Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidagi «Uchqir» majmuasida bo‘ldi.

2017 yil 9 martdagi prezident qarori va «2017–2021 yillarda uglevodorod xomashyosini ishlab chiqarish hajmini oshirish dasturi»ga muvofiq Gazlida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Dastur doirasida «O‘zbekneftgaz» AJ Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida qiymati 64,0 ming dollar bo‘lgan «Uchqir» gazni oltingugurt birikmalaridan tozalash qurilmasida VI texnologik tarmog‘ini qurish» investitsiya loyihasi amalga oshirildi.

Bu investitsion loyiha o‘ta samarador bo‘lib, Gazni qayta ishlash bo‘yicha VI texnologik tarmog‘ining loyiha quvvati yiliga 1,5 mlrd kub metrni tashkil etadi.

«Uchqir» gazni oltingugurt birikmalaridan tozalash qurilmasida VI texnologik tarmog‘i «Savatli», «Shimoliy suzma», «Chegaraqo‘m», «Qo‘shimcha», «Qumli», «Tayloq», «Doyaxotin», «Kulbeshkak», «Hojiqazg‘on» konlaridan qazib olinadigan tabiiy gazni kislotali tarkibiy qismlardan tozalash uchun mo‘ljallangan.

Tashrif davomida ushbu tarmoqning ishlashi va uning samaradorligi muhokama qilinib, kelajakda bunday investitsion loyihalar sonini ko‘paytirish orqali tabiiy gaz hajmini oshirish ta’kidlandi.

Ta’kidlab o‘tamiz, gazni oltingugurt birikmalaridan tozalash qurilmasidagi texnologik tarmoqda metildietanolaminning 30–40% suvli eritmasi bilan kolonnali apparatda N2S va CO2 ning kimyoviy singdirilishiga erishiladi, bu esa karbonat angidrid ishtirokida vodorod sulfidning tanlab so‘rilishini ta’minlaydi.

Qurilmada vodorod sulfidi va kislotali tarkibiy qismlardan tozalangan gaz «O‘ztransgaz» AJ magistral gaz quvuri tizimiga yetkazib beriladi.

Bugungi kunda mazkur oltingugurt birikmalarida tozalash qurilmasi normativ va loyiha tavsiyasiga muvofiq to‘liq ishlamoqda. Karantin davri bo‘lishiga qaramay, ushbu tarmoq 2020 yil 30 sentabrga qadar qurib bitkazildi hamda foydalanishga topshirildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top