16:19 / 05.11.2020
10918

Davlat qarziga o‘rnatilgan cheklov, yangi kutilma va rejalar. Moliya vazirligi vakili bilan suhbat

2021 yil davlat budjeti loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi va unda birinchi marotaba davlat qarzining maksimal chegarasi belgilandi. Moliya vazirligi departament direktori Jasur Qarshiboyev davlat qarzining YaIMga nisbatan 60 foiz cheklovi haqida batafsil ma'lumot berib, buning mohiyatini tushuntirdi.

Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi jamoatchilik e'tiboriga havola etilayotganda, davlat qarzining belgilangan maksimal chegarasi ma'lum qilindi. Bu 60 foiz nimani anglatadi va bundan ko‘zlangan maqsad nima?

– Olib borilayotgan siyosat, qilinayotgan sa'y-harakatlarning tub mohiyatini xalqimizga tushuntirib berish biz Moliya vazirligi vakillari, umuman, mutaxassislar uchun ham muhim.

Bevosita siz aytgan savolga to‘xtaladigan bo‘lsak, 60 foiz nima degani? Avvalo, ta'kidlab o‘tish kerakki, davlat yalpi qarziga limit qo‘yish ilk marotaba bo‘lyapti. Lekin bu (YaIMga nisbatan 60 foiz davlat qarzining paydo bo‘lishi – tahr.) bizning targetimiz emas. Ya'ni biz o‘sha ko‘rsatkichga erishishga harakat qilmaymiz, balki hozir qo‘shimcha cheklov kiritilyapti: undan oshmaslik harakati. Xabaringiz bor, o‘tgan yili tashqi qarz jalb qilishga bir yillik limit qo‘ygan edik. Bu yilgisi nima bilan farqlanadi?

Bu yil ikkita o‘zgarish bo‘ldi: birinchisi, bu – davlat yalpi qarziga cheklovlar qo‘yilyapti. Ya'ni davlatning ichki majburiyatlarini ham cheklayapmiz.

Demak, tashqi va ichkini hisoblaganda, umumiy chegara qo‘yilgan.

– Ha, biz mana shu 60 foizga yetmaslikni nazarda tutgan holda, yillik limitlarni belgilab boramiz. Chunki shu paytgacha bunday ko‘rsatkich yo‘q edi. Endi biz yuqori chegarani qo‘yish orqali o‘zimizga o‘zimiz cheklov beryapmiz.

60 foizning belgilanishi to‘g‘risida batafsil aytib o‘tsak. 60 foiz nimaga nisbatan olingan va nima uchun aynan 60 foiz?

60 foiz YaIMga nisbatan olingan va bu budjetda faqat 2021 yilga degan joyi bor. Bu noto‘g‘ri tushunchaga yetaklamasligi kerak. Ushbu budjet qonuni faqat 2021 yil uchun amalda bo‘ladi. Bu yuridik texnika hisoblanadi. Shuning uchun davlat qarzi joriy yilda 60 foizdan oshib ketmasligi kerak, degan ma'noda qonun loyihasiga band kiritilgan.

Endi hisob-kitoblarga qaytadigan bo‘lsak, birinchi navbatda har bir davlatning qarzga xizmat ko‘rsatish salohiyati bor. Bu xalqaro me'yorlar asosida hisoblanadi. Ya'ni Xalqaro valuta jamg‘armasining o‘z tavsiyalari bor. Uning tavsiyalariga binoan ekonometrik modellashtirish asosida hisoblanganda, agar davlat tashqi qarzi 70 yoki 80 foizdan oshib ketsa, davlat uchun uning yuki og‘ir bo‘ladi. Ya'ni bu vaziyat iqtisodiy rivojlanishga emas, iqtisodiy sekinlashuvga olib kelishi mumkin.

Bevosita har bir davlat uchun hisoblash metodikasi bor. Unda, avvalo, davlatning qarzga xizmat ko‘rsatish salohiyati hisoblanadi. Bunda juda katta, ko‘p sonli ko‘rsatkichlar bor. Ya'ni Jahon bankining davlatning institutsional salohiyati hisobga olinadi. Masalan, O‘zbekistonning institutsional salohiyati yuqori hisoblanadi. Unga qo‘shimcha ravishda Xalqaro valuta jamg‘armasining metodikasiga ko‘ra, jahon iqtisodiyotining rivojlanishi, qancha rezerv mavjudligi va iqtisodiy o‘sish qancha ekani kabi ko‘rsatkichlar bilan birga hisoblaganda davlatning o‘z indeksi hisoblanadi. O‘zbekiston uchun oxirgi indeksda 3,1dan 3,2ga o‘sish kuzatildi. Agar ikki marta mana shunday o‘sish kuzatilsa, kategoriyani o‘zgartirishga imkoniyat beradi. O‘zbekistonning qarzga xizmat ko‘rsatish salohiyati yuqori, kuchli hisoblanadi. Buning ekvivalenti – davlat qarzi qiymatda 75 foizgacha ko‘tarilishi mumkin.

Demak, bu bizga YaIMga nisbatan 75 foizgacha qarz jalb etish imkoniyatini beradi.

– Xalqaro metodika bo‘yicha [qarz jalb etish] imkoniyatini beradi, deb hisoblashadi. Lekin tashqi va ichki shoklar bor. Masalan, bu yil ham tashqi, ham ichki shok bo‘ldi. Kutilmagan, hech kim prognoz qila olmaydigan, prognoz qilib bo‘lmaydigan shoklar. Mana shu shoklar natijasida qarzga xizmat ko‘rsatish salohiyati qanchalik o‘zgarishi yoki oshib ketishini taxmin qilish mumkin. Masalan, bu yil YaIMning yil boshiga qaraganda nisbatan ijobiy o‘sishi ko‘rinsa ham, rejalarimizga nisbatan past bo‘ldi.

Qanchalik past bo‘ldi?

– Yil boshida 5 foizdan yuqoriroq o‘sish kutilgan bo‘lsa, hozirgi kunda 1-1,5 foiz atrofida. Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Xalqaro valuta jamg‘armasining ko‘rsatkichlariga qaraganda, yil boshida ham, oxirida ham turlicha kutilmalar bor. Lekin taxminan 1-1,5 foiz atrofida kutilmoqda. Bu nima degani? Mamlakatni absolyut qiymatda qarzga xizmat ko‘rsatish salohiyati, imkoniyati cheklanmoqda. Ya'ni ko‘proq emas, kamroq qarz olishga to‘g‘ri keladi. Lekin O‘zbekistonga prudensial, ya'ni ehtiyotkorona yondashuv xos. Konservativlar ko‘p. Bu xalqimizga xos, mos xislat – qarzni yomon ko‘rish. Moliya vazirligida ham xalqimizning vakillari ishlaydi. Bizda ham qarzga nisbatan salbiy yondashuv bor.

Demak, yetti o‘lchab, bir kesish kerak.

– Xuddi shunday. O‘zingiz bilasiz, oilada tadbir qilinmoqchi bo‘lsa, biror qaror qabul qilishda ko‘p o‘ylanadi. Qarz olishga moyillik kam. Faqatgina majbur bo‘lsa yoki o‘shanga ko‘zi yetsagina, qarz olinadi. Xuddi shunday tamoyil bizda ham bor. Ya'ni Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi nomidan davlat qarziga xizmat ko‘rsatadi. Bunda doim o‘zining ehtiyotkorona yondashuvini amalga oshiradi. Bu nima degani?

Bu degani Moliya vazirligi har qanday fiskal risklarni inobatga olishga harakat qiladi. Boyagi 75 foizlik hisob-kitobga qaytadigan bo‘lsak, tashqi va ichki shoklarni hisobga olganda, shu bilan birga davlat qarzining taxminan 70 foizi davlat korxonalari tomonidan xizmat ko‘rsatilishi, ya'ni investitsion loyihalar orqali amalga oshirilishi, tashqi shoklar hamda Xalqaro valuta jamg‘armasi tavsiyalarini inobatga olib, bizda hozir 60 foiz.

Shoklar bo‘lgan taqdirda ham 60 foizga yetgan taqdirida ham, shok bo‘lsa ham, 75 foizdan oshib ketmaydi. Mana shu yondashuv amalga oshirilmoqda.

Lekin bu O‘zbekiston kelasi yili qarz miqdorini 60 foizga olib chiqadi, degan yanglish fikrdan biz yiroq bo‘lishimiz kerakligini anglatadi. Shundaymi?

– Xuddi shunday. Bizning o‘z prognozlarimiz bor. Lekin prognozlarni oshkora aytishdan oldin, shuni aytishim kerak: prognozlar ko‘p narsaga bog‘liq. Birinchidan, YaIM qanchalik o‘sadi? Ikkinchidan, valuta kursi qanday o‘zgaradi? Uchinchidan, investitsion loyihalar qanday amalga oshiriladi? Agar pandemiya sharoiti davom etsa, o‘sish sekinlashadi. O‘zlashtirish sekinlashadi. Bu degani esa qarz sekinroq o‘sadi. Yoki davlat budjeti defitsitiga talab etiladigan qarz qancha bo‘ladi? Prognoz ko‘rsatkichlar hammasi e'lon qilingan, budjet to‘g‘risidagi qonunda 5,5 milliard dollar ekvivalentidagi limit ko‘rsatilgan. Kelasi yilning o‘zida 60 foizga chiqmaydi. Ancha past bo‘ladi. Lekin 60 foizga yetmasligi shart-sharoitlarini ko‘rgan holda harakat qilishimiz uchun o‘zimizga cheklov qo‘yyapmiz.

Bugungi kundagi raqamlar haqida gaplashsak. Hozirgi kunda davlat qarzi umuman ichki va tashqisi bilan birga hisoblanganda, YaIMga nisbatan necha foizga yetgan?

– Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, uchinchi chorak natijalari hali e'lon qilinadi, kurslar o‘rnatilganidan keyin qayta tekshiriladi. Ichki va tashqi qarzi 36 foiz atrofida. Shundan 32 foizi tashqi qarz, 4 foizi esa ichki qarz.

Bu ko‘pchilikka noma'lum bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda qanday qilib ichki qarz paydo bo‘lishi mumkin? Axir o‘zidan o‘zi qanday qilib qarz oladi, degan savol ham paydo bo‘ladi. Shunga ham izoh berib o‘tsangiz. Moliya vazirligi qanday qilib ichki qarzni jalb etadi?

– Avvalo, davlat ichki qimmatli qog‘ozlari chiqariladi. Aytishimiz kerakki, davlatning tashqi qarzi ko‘payganidan ichki qarzi ko‘paygani yaxshiroq. Nima uchun? Bunda valuta risklari kamayadi. Ichki qarz, asosan, so‘mda jalb qilinadi. Unda valuta tebranishlari oqibatida qo‘shimcha xatarlar bo‘lmaydi. Biz hozirda o‘zimizga shunday mo‘ljal belgilab olganmiz: bosqichma-bosqich davlat budjeti defitsitining eng kamida 20 foizi ichki qarz hisobidan qoplanishi kerak. Bu juda katta marra. O‘sha marraga erishishga harakat qilyapmiz.

Davlat ichki qarzining ikkinchi ko‘rinishi bu – davlat kafolatlari. Masalan, yirik korxona, bank tomonidan davlat moliya dasturlari moliyalashtirilayotganda unga davlat ichki kafolati beriladi. Hozirgi kunda davlat ichki kafolatlari miqdori dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2 milliard dollar ekvivalentidan kamroq.

Yana bir quvonarli narsa, biz hozirgi kunda AQSh g‘aznachiligi, Osiyo taraqqiyot banki va qisman Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki bilan birgalikda ishlayapmiz va davlat qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirishga harakat qilyapmiz. Statistik ma'lumotlarni keltirishim mumkin: 2018 yilda bor-yo‘g‘i 600 milliard so‘m ekvivalentida davlat qimmatli qog‘ozlari chiqarilgan bo‘lsa, 2019 yilda 1,5 trillion so‘mga yetdi. Bu yil hozir 5 trillion so‘mgacha chiqara oldik. Biz bunda bozorni o‘rganyapmiz. Banklar va boshqa davlat qimmatli qog‘ozlarini sotib oluvchi mijozlarning nimaga qiziqishi, qanday muddatlarga chiqarilishi qiziq ularga, likvidligini oshirishga harakat qilyapmiz, auksionlarni doimiy e'lon qilib boryapmiz, standartlashtiryapmiz. Umuman olganda, mana shu sohani rivojlantirishimizning o‘zi tashqi qarzni kamaytirish va bevosita o‘zimizning valuta xatarlarimizni pasaytirish imkoniyatini beradi.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Otaxon Yusupov.

Mavzuga oid
Top