23:52 / 05.11.2020
5669

O‘zbekistonda koronavirus bemorlari uchun xavfni baholash dasturi ishlab chiqildi

O‘zbekistonda sun'iy intellekt usullaridan foydalangan holda COVID-19 bilan kasallangan bemorlar holati bo‘yicha xavfni baholovchi veb-dastur ishlab chiqildi.

Dastur O‘zFA Matematika instituti olimlari va RShTYoIMning tashabbuskor guruhi tomonidan ishlab chiqilgan. Institut jamoasiga professor Fotima Odilova, markaz jamoasiga esa Sog‘liqni saqlash vaziri, professor Abduhakim Hojiboyev boshchilik qilgan.

«Ushbu dastur og‘ir holatning paydo bo‘lishi va saqlanib qolish xavfini tezkor baholaydi. Shuningdek, dastur rentgen (KT) tekshiruv natijalari va auskultatsiya natijalari (qolgan 10 ko‘rsatkichni uyda o‘lchash mumkin) asosida xavf darajasi past bo‘lgan holatlarda ambulatoriya sharoitida davolanish to‘g‘risida yoki yuqori (o‘ta yuqori) xavf bo‘lgan holatlarda darhol kasalxonaga yotqizish to‘g‘risida avtomatik tarzda tavsiya beradi», – deyiladi Romanovskiy nomidagi Matematika instituti tomonidan Kun.uz'ga taqdim etilgan ma'lumotda.

Qayd etilishicha, respublika shifoxonalarida o‘tkazilgan sinovlar davomida dasturning ishonchliligi tasdiqlangan va dasturiy mahsulot Intellektual mulk agentligi tomonidan ro‘yxatdan (DGU 09206) o‘tkazilgan.

«Ijodiy guruh dasturni tibbiy statsionarda COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni boshqarish uchun intellektual yordam ko‘rsatish darajasigacha takomillashtirish bo‘yicha tadqiqotlarni davom ettirmoqda», – deyiladi xabarda.

Mavzuga oid
Top