09:45 / 08.11.2020
18467

«Yaratganning o‘zi Amerikani qo‘llasin» – Bayden saylangan prezident sifatida murojaat qildi

AQSh prezidentlik saylovlarida demokratlar partiyasidan nomzod qilib ko‘rsatilgan Jo Bayden prezident sifatida amerikaliklarga murojaat qildi. AQShdagi ko‘plab nashrlar uning g‘alaba qozongani haqida xabar tarqatgan, uning o‘zi ham bu haqda e'lon qilgan bo‘lsa, endi u rasman rasman g‘olib sifatida tasdiqlanishi kutilmoqda.

ANGELA WEISS/AGENCE FRANCE-PRESSE/GETTY IMAGE

«Men ajratadigan emas, birlashtiradigan prezident bo‘laman. Shtatlarni demokrat yoki respublikachiga ajratmoqchi emasman, men uchun faqat bitta tushuncha bor – Amerika Qo‘shma Shtatlari. Bu lavozimga Amerika ruhiyatini tiklash, bizni yana hamma hurmat qilishlariga erishish uchun keldim», dedi Bayden.

Demokratlar vakili o‘z nutqini Delaver shtatidan so‘zladi. Bejiz emas, 1972 yil Bayden aynan shu shtatdan senatorlikka saylangan. Roppa-rosa 48 yil oldin 7 noyabrda Bayden senator bo‘lgandi, uning prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasi ham shu sanaga to‘g‘ri keldi.

O‘z navbatida Bayden vitse-prezident sifatida tanlagan Kamala Harris ham nutq so‘zladi.

«Demokratiya biz u uchun kurashganda kuchli. Butun dunyo ko‘z tikib turgan va dovga demokratiya tikilgan bu saylovlarda biz uddaladik. Davlatimiz sizning oldingizda qarzdor. Saylovlarda faol qatnashganingiz, mamlakatimiz yaxlitligini saqlab qolganingiz uchun rahmat. 

Siz ovoz berish orqali nimani xohlayotganingizni bildirdingiz. Siz umid uchun, haqiqat uchun ovoz berdingiz va shu sabab Jo Baydenni tanladingiz. U ko‘zlagan maqsadiga erishadi, u birlashtira oladi, u juda ko‘p yo‘qotishlarga uchragan bo‘lsa-da, yana bizga o‘z yulduzimizni topishga yordam beradi.

Men bu lavozimga erishgan birinchi ayol bo‘ldim, lekin oxirgisi emas. Chunki hamma amerikalik qizlar mamlakat ularga qanday imkoniyat berayotganini ko‘rmoqda. Ishontirib aytamanki, men Jo Obama davrida bo‘lgani kabi yaxshi vitse-prezident bo‘laman», dedi Harris.

Keyin sahnaga yana Jo Bayden chiqdi.

«Prezident Trampga ovoz berganlarning alamini tushunib turibman, axir mening o‘zim ham ikki marta yutqazganman. Lekin ular bizning dushmanimiz emas, ular – amerikaliklar. Keling, qo‘lni qo‘lga uzataylik-da, bir-birimizga imkon beraylik. Dushman qidirish yakunlanishi kerak. Hammangizni yaxshi ko‘raman, Yaratganning o‘zi Amerikani qo‘llasin», dedi Bayden.

Jo Bayden birinchi bo‘lib koronavirusga qarshi kurashni boshlashini ma'lum qildi.

  • 7 noyabr kuni Bayden Pensilvaniya (20) va Nevadada (6) ham Trampdan ustun keldi va 279ta vakillik ovozini to‘plab, prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘ldi.
Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top