18:37 / 09.11.2020
10054

OAV «Yuventus» Ronaldu bilan shartnomani uzaytirmoqchi emasligidan xabar topdi

Foto: Reuters

«Yuventus» katta ehtimol bilan portugaliyalik hujumchisi Krishtianu Ronalduga yangi shartnoma taklif qilmaydi. Bu haqda Sport.es xabar tarqatdi.

Xabar qilinishicha, «Yuventus»ning bu pozitsiyasi bir necha omillarga asoslanadi. Ulardan biri – moliyaviy sabab: koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan inqiroz tufayli klub yulduzli futbolchilarining katta maoshlarini to‘lashda qiynalmoqda. Ronaldu klubdagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchi hisoblanadi, uning yillik maoshi miqdori 31 mln yevroga teng. Bu klubda maoshi miqdori bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi argentinalik futbolchi Paulo Dibalaning yillik maoshi miqdoridan qariyb 5 barobar ko‘pdir.

Bundan tashqari, manba ma'lumotiga ko‘ra, klubdagilar futbolchi o‘ziga bildirilgan ishonchni to‘la oqlaganiga shubha bilan qarashmoqda: «Yuventus» u kelganidan keyin ham Yevropa futbolida yetakchiga aylana olmadi va Chempionlar ligasi kubogini qo‘lga kirita olmadi.

Uchinchi sabab esa – futbolchining yoshidir, u 35 yoshni qoralamoqda: bunday yoshda professional futbolchi o‘sishda davom etmaydi, deb hisoblanadi.

Shuningdek, klubni futbolchining o‘zini tutishi qoniqtirmayapti, bu esa «Yuventus»da ziddiyatli muhit yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Xabar qilinishicha, «Yuventus» Ronalduni 2021 yil yozida – shartnomasi muddati tugashiga bir yil vaqt qolganida sotib yuborishga harakat qiladi. Bu holatda klub uni 2018 yilda sotib olish uchun sarflagan mablag‘ining bir qismini qoplashi mumkin bo‘ladi. O‘shanda «Yuventus» Ronaldu uchun «Real»ga 100 mln yevro to‘lab bergandi.

Mavzuga oid
Top