08:33 / 09.11.2020
10508

OTMga qabul kvotalarini ta'lim yo‘nalishlari va shakllari bo‘yicha umumiy qilib belgilash taklif etildi 

Oliy ta'lim muassasalariga qabul kvotalarini ta'lim yo‘nalishlari va ta'lim shakllari bo‘yicha umumiy qilib belgilash taklif qilindi. “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida tegishli petitsiya joylashtirilgan.

Qayd etilishicha, oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalarini ta'lim yo‘nalishlarining ta'lim shakllari bo‘yicha umumiy qilib belgilash kerak. 

“Hozirgi tartib bo‘yicha boshlang‘ich ta'lim yo‘nalishining kunduzgi ta'lim shakliga o‘qishga tavsiya etilmagan abituriyentning to‘plagan balli shu yo‘nalishning kechki yoki sirtqi ta'lim shakliga to‘g‘ri kelsa-da, u talaba bo‘lish baxtiga erisha olmaydi. Yoki boshlang‘ich ta'lim yo‘nalishining kunduzgi ta'lim shakliga o‘qishga topshirgan abituriyent 120 ball to‘plab ham o‘qishga tavsiya etilmasligi mumkin. 

Lekin, shu ta'lim yo‘nalishining sirtqi ta'lim shakliga kirish balli 110 ball bo‘lishi mumkin. Ammo unga ham qabul qilinmaydi. Buning sababi ta'lim shakli boshqa bo‘lganida”, – deb yozadi murojaat muallifi. 

Ta'kidlanishicha, agar kvota umumiy qilib belgilansa, to‘plangan ballar ketma-ketligi asosida avval kunduzgi, keyin kechki va oxirida sirtqi ta'lim shakllari asosida talabalikka tavsiya etilishi mumkin bo‘ladi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, oliy ta'lim muassasalariga qabul kvotalarini ta'lim yo‘nalishlari va ta'lim shakllari bo‘yicha umumiy qilib belgilash taklif qilinmoqda.

Top