19:03 / 10.11.2020
6204

Shavkat Mirziyoyev Epidemiyaga olib keluvchi kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha tibbiyot muassasalari tarmog‘ini yaratishni taklif qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ShHTning Epidemiya tahdidlariga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarning kompleks rejasi tasdiqlanganini ma'qullab, xavfli infeksion kasalliklarning tarqalishiga qarshi hamkorlikni yanada faollashtirish, yuqumli kasalliklar bo‘yicha tibbiyot muassasalari tarmog‘ini yaratish, Telemeditsina sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etdi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida so‘z olib, ShHTning dolzarb vazifalari yuzasidan to‘xtalib o‘tdi.

«Mamlakatlarimizda aholi sog‘lig‘iga xavf tug‘dirayotgan yangi xatar va tahdidlarga birgalikda qarshi kurashish ko‘lamini kengaytirish juda muhim ahamiyatga ega.

Bugun insoniyat avval ma'lum bo‘lmagan infeksiyalar bilan to‘qnash kelmoqda. Ularga qarshi kurashish kundalik turmushimizning bir qismiga aylanmoqda.

Shu munosabat bilan bugungi sammitda Epidemiya tahdidlariga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarning kompleks rejasi qabul qilinishini olqishlaymiz.

Uning amalga oshirilishini ta'minlash, xavfli infeksion kasalliklarning tarqalishi to‘g‘risidagi axborot bilan ta'sirchan almashinuvni yo‘lga qo‘yish muhimdir.

Mamlakatlarimizning sohaga ixtisoslashgan shifoxonalari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Epidemiyaga olib keluvchi kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha tibbiyot muassasalari tarmog‘ini yaratishni taklif etamiz.

Ushbu tarmoq doirasida infeksion kasalliklarni diagnostika, profilaktika qilish va davolash bo‘yicha tajriba almashish, qo‘shma vrachlar guruhlari faoliyatini tashkil etish va ularni tayyorlashga qaratilgan o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish mumkin.

Fursatdan foydalanib, barcha sheriklarimizga, avvalo Rossiya va Xitoyga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishda ko‘rsatilgan katta yordam va ko‘mak uchun minnatdorlik bildiraman.

Pandemiya sharoitida sog‘liqni saqlashga yangi masofaviy texnologiyalarni joriy etish zarurati ham ortib bormoqda.

Shu munosabat bilan Teletibbiyot sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Konsepsiyada vrachlarni keng turdagi kasalliklarni davolashda teletibbiyot usullariga o‘qitish hamda ushbu sohadagi ilg‘or tajriba almashishni nazarda tutish muhim», degan davlat rahbari.

Top