19:06 / 11.11.2020
8761

AOKA qonunlarni takroran buzayotgan OAVga jazo qo‘llanishi haqida ogohlantirdi

2019 yilda internet saytlariga 10ta, 2020 yilning 9 oyida esa 22ta taqdimnoma kiritilgan. AOKA hozircha faqat ogohlantirish bilan cheklangani, endilikda takroran qonunbuzarlik sodir etayotgan OAVlarga jazo choralari ko‘rilishidan ogohlantirdi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi OAVlarda yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzarlik holatlari yuzasidan rasmiy axborot berdi.

«Albatta, har qanday jamiyatda ochiqlik va so‘z erkinligini ta'minlash jarayonida muammolar bo‘lishi tabiiy. Jahon amaliyotida biror bir axborot vositasi qonunbuzarlik sodir etsa, uning faoliyatini sudga oshirish, turli jarimalar va hattoki faoliyatini to‘xtatib turishgacha bo‘lgan choralar qo‘llanishi kuzatiladi. Bugungi sharoitda AOKA endigina oyoqqa turayotgan mustaqil OAVni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular yo‘l qo‘ygan qonunbuzarlik holatlari yuzasidan rasmiy ogohlantirish bilan cheklanmoqda va o‘z vakolatidagi boshqa choralarni hozircha qo‘llamay kelmoqda», – deyiladi bayonotda.

Ma'lum qilinishicha, hozirda O‘zbekistonda 1 777 ta axborot sub'yekti bo‘lib, ularga nisbatan qonun barchaga barobarligi tamoyili asosida yondashilmoqda.

2019 yilda jami 150 ta – shundan tele-radio kanallarga 75 ta, davriy bosma nashrlarga 65 ta, internet saytlarga 10 ta taqdimnoma va ogohlantirish yuborilgan.

2020 yilning o‘tgan 9 oyida jami 90 ta – shundan televideniye va radioga 39 ta (MTRK tizimidagi telekanallar faoliyatiga oid 20 ga yaqin), davriy bosma nashrlarga 29 ta, internet nashrlariga 22 ta taqdimnomalar kiritilgan.

«Pandemiya sharoitida biznes sub'yektlarini tekshirib jazoga tortish bo‘yicha joriy etilgan moratoriyni, shu jumladan axborot olishda va uni tekshirishda yuzaga kelgan ayrim qiyinchiliklarni inobatga olgan holda, Agentlik ayrim OAVda turli feyk va tekshirilmagan yoki qonunga xilof ma'lumotlar e'lon qilingani holda, ularga asosan og‘zaki ogohlantirish berish bilan cheklandi.

Alohida ta'kidlash lozimki, shu kungacha ogohlantirish xatlari yuborilishi natijasida birorta axborot sub'yekti ma'muriy, moliyaviy yoki jinoiy jazoga tortilmagan. Biroq ushbu vaqtinchalik yondashuv qonunbuzarlarga umuman chora ko‘rilmasligini anglatmaydi. AOKA axborot sub'yektlarining bundan xulosa chiqarmasligi va o‘z faoliyatida tegishli talablarga qat'iy rioya etmasligi endilikda ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan jazo choralari qo‘llanishiga sabab bo‘lishi haqida ogohlantiradi», – deyiladi rasmiy bayonotda.

Qo‘shimcha qilinishicha, AOKA huquqlari buzilgan jurnalistlarni himoya qilish masalasida shu yilning o‘zida 10 nafarga yaqin jurnalist va blogerga nisbatan qarshilik ko‘rsatish, axborot tarqatganlik uchun asossiz so‘roqqa tutish kabi holatlar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sud va Farg‘ona viloyati hokimligiga jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilishni zudlik bilan to‘xtatish, aybdorlarni belgilangan tartibda jazolash, bunday holatlar takrorlanishiga boshqa yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida yozma talabnoma va murojaatlar yuborilgan.

Top