22:38 / 11.11.2020
11875

«Raqobat muhiti buzilgan» – Samarqand monopoliyaga qarshi kurash boshqarmasi shahar hokimining qarorini bekor qildi

Samarqand shahar hokimining 2020 yil 18 iyundagi 99-F-sonli farmoyishiga ko‘ra, shahardagi bir qator ko‘chalarga 1x2 o‘lchamli LED monitorlari o‘rnatilishi belgilangan.

Foto: KUN.UZ

Mazkur hujjatning raqobat muhitiga ta'siri viloyat Monopoliyaga qarshi kurashish hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganilganda, «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunining 12-moddasi (3 va 8-xat boshlari) talablari buzilgani aniqlanib, bu bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, boshqarma tomonidan o‘rganish jarayonida mazkur monitorlarni o‘rnatish ishlari aniq bitta tadbirkorlik sub'yektiga (MChJga) yuklatilgani qayd etilgan, deb xabar bermoqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi «Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida»gi 104-sonli qaroriga asosan tashqi reklama obektlarini yer uchastkalarida, shuningdek, davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlarda joylashtirish huquqini berish «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasida ochiq elektron auksion orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Yuqoridagi omillar inobatga olinib, Samarqand shahar hokimligi qabul qilgan 2020 yil 18 iyundagi 99-F-sonli farmoyish «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunining 12-moddasi talablariga zid bo‘lgani sabab hududiy boshqarma tomonidan hokimlikka nisbatan ish qo‘zg‘atilib, uning ko‘rsatmasiga asosan mazkur farmoyish o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi.

Natijada, Samarqand shahrida tashqi reklama obektlarini o‘rnatish bo‘yicha barcha tadbirkorlik sub'yektlariga teng sharoit yaratildi.

Mavzuga oid
Top