13:49 / 11.11.2020
38985

Raxit kasalligidan saqlanish uchun nimalarga rioya qilish kerak?

Kuz-qish mavsumida tug‘ilgan bolalar ko‘p holatlarda «Vitamin D» yetishmovchiligi (Raxit) bilan og‘riydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ushbu kasallikning belgilari, davolash usullari haqida Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Murodjon Irismetov bilan suhbatlashdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi

—  D vitamini yetishmovchiligi qanday kasallik?

— D vitamini yetishmovchiligi, ya'ni raxit xastaligi bir umrlik asoratlar qoldiruvchi faqat kichik yoshdagi bolalarda uchraydigan kasallikdir. U bola organizmida D vitamini yetishmasligi natijasida kelib chiqadi. Bolaning rivojlanishi, xususan, suyakning o‘sishi hamda mustahkam bo‘lishi uchun organizmga kalsiy va fosfor elementlari zarur bo‘ladi. D vitamini esa kalsiy va fosforning ichakdan so‘rilishi, ularning suyak, mushak va boshqa a'zo to‘qimalariga yetib borishini boshqaradi. 

Agar organizmda D vitamini yetishmovchiligi kuzatilsa, bolaning kalsiy va fosfor elementlariga bo‘lgan ehtiyoji qondirilmaydi. Bu esa o‘z navbatida raxit xastaligini keltirib chiqaradi. Ko‘pincha ushbu kasallik kech kuz va qish oylarida tug‘ilgan bolalarda uchraydi. Sababi bu fasllarda tug‘ilgan bola uchun quyosh nuri yetarli bo‘lmaydi.

—  Raxit kasalligidan saqlanish uchun nima qilish kerak? 

— Albatta, quyoshli kunlarda va ertalab ochiq havoda sayr qilish bola uchun juda foydali. Sayrga kunning eng qulay vaqti ertalab soat 8:00dan 11:00gachadir. Yoz kunlari kechki 18:00dan keyin hisoblanadi. Ochiq havodagi sayr bolani chiniqtirish bilan birga organizmda D vitamini ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Hattoki, homilador ayolning quyosh nuridan bahramand bo‘lishi ham farzandida D vitamini yetishmovchiligi bo‘lmasligida muhimdir. 

Shuningdek, bolaga D vitaminiga boy bo‘lgan oziq-ovqatlar: mol go‘shti, ayniqsa, baliq, tuxum hamda jigar mahsulotlarini berish ham uning raxit kasalligiga chalinmasligini ta'minlaydi. Go‘dakka qo‘shimcha mahsulotlar berilmaydigan davrda ona D vitaminiga boy mahsulotlar kalsiyga to‘yingan oziq-ovqat: sut va sut mahsulotlari, turshak, loviya, xurmo, ko‘k piyozlarni muntazam iste'mol qilsa, ushbu moddalar ona suti bilan birga farzandiga o‘tadi va uning sog‘lom bo‘lishiga zamin yaratadi.

—  Qanday belgilar namoyon bo‘ladi? 

— Raxitga chalingan bolalar ko‘p bezovta bo‘ladi. Bot-bot qaysarlik va injiqlik qiladi. Chiroq yoqilishidan, quloqqa chalingan kutilmagan tovushdan doim cho‘chib tushadigan bo‘lib qoladi.

Bunday holatlarda tezda shifokorga murojaat qilish zarur. Kasallikni bolaning gavda tuzilishidagi nomutanosibliklardan ham aniqlash mumkin.

—  Kasallikni davolash usullari qanday?

— Agar bolada raxit kasalligi belgilari sezilsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak. Chunki ushbu xastalikni davolash alohida muolajalarni talab etadi. Agar boshlang‘ich holati bo‘lsa, D vitamini dorilari va boshqa kalsiyni ko‘paytiruvchi vositalarni iste'mol qilishning o‘zi yetarli bo‘ladi. Ammo kasallik zo‘rayishining oldini olish uchun bir necha choralarni ham ko‘rish mumkin. Xususan, zarur bo‘lgan hollarda shifokorning tavsiyasiga muvofiq davo gimnastikasi, massaj, kvars lampasi bilan nurlantirish amaliyotlari o‘tkaziladi. Davo choralari va maxsus dori-darmonlarni faqatgina mutaxassis tavsiyasi bilan iste'mol qilish mumkin.

— Vaqtida davo choralari ko‘rilmasa qanday og‘ir oqibatlarga olib keladi?

— Bu kasallikka chalingan bolalarning immuniteti tushib ketadi, oqibatda yuqumli kasalliklarga ta'sirchan bo‘lib qoladi. Shuningdek, raxit kamqonlik, suyaklar yumshashi, bo‘g‘im va mushaklar bo‘shashi, tishlar kech va bir tekis chiqmasligiga olib keladi. Uning og‘ir asoratlari bolaning ancha vaqtgacha boshi va gavdasini tuta olmasligida kuzatiladi.

Bundan tashqari, vaqtida davo choralari ko‘rilmasa, vaznining ortib borishi natijasida bolaning suyaklari qiyshayadi. Boshining peshona qismi oldinga turtib chiqadi, ensa qismi esa orqaga kiradi, umurtqa pog‘onasi bukchayib qoladi, ko‘krak qafasi pastga qarab kengayib ketadi, oyoq «X» yoki «O» shaklida qiyshayadi, bolalarda yassi oyoqlik rivojlanishi mumkin.

Top