12:34 / 13.11.2020
2382

Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish bo‘yicha milliy maslahatlashuv o‘tkazildi 

12 noyabr kuni Toshkentda O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi bo‘yicha milliy maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi. 

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz matbuot xizmati xabariga ko‘ra, milliy maslahatlashuvning maqsadi - O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlari, xususan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tomonidan O‘zbekistonning Uchinchi milliy ma'ruzasi ko‘rib chiqilishi natijalari doirasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi Oraliq ma'ruza loyihasini muhokama qilish. 

Anjumanda, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi tavsiyalarini bajarish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi loyihasi ham ko‘rib chiqildi. 

Milliy maslahatlashuvda O‘zbekiston inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish va rag‘batlantirish sohasidagi asosiy xalqaro institut sifatida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining vakolati va roliga katta ahamiyat berishi ta'kidlandi. 

Bundan tashqari, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tavsiyalari bajarilishini monitoring qilishda fuqarolik jamiyati institutlari faol ishtirok etayotgani alohida qayd etildi.

O‘zbekiston 2018-2020 yillarni o‘z ichiga olgan Uchinchi davr doirasida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tavsiyalarining bajarilishiga doir o‘rta muddatli sharh yuzasidan Ixtiyoriy oraliq hisobot tayyorladi. Bu, bir tomondan, mamlakatning Universal davriy hisobot mexanizmi bilan o‘zaro munosabatlari sohasida ilg‘or amaliyot hisoblansa, ikkinchi tomondan, O‘zbekistonning o‘z xalqaro majburiyatlari doirasida inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilish ishiga sodiqligini namoyish etadi. 

Maslahatlashuvlar natijasida ishtirokchilar Universal davriy hisobotning Oraliq hisoboti mamlakatda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni baholashning noyob vositasi ekanligini ta'kidladilar. Kelgusida ushbu hisobotdan katta yutuqlarga erishilgan va qo‘shimcha e'tiborni talab qiladigan sohalarni aniqlash vositasi sifatida foydalaniladi.

BMT Maxsus ma'ruzachisi milliy huquqiy tizimni yanada takomillashtirishga doir xulosa va tavsiyalarini berdi. Xususan, sudyalar va prokurorlar mustaqilligini yanada mustahkamlash hamda yuristlarning o‘z kasbi bilan erkin shug‘ullanishlari uchun keng sharoitlar yaratish yuzasidan tavsiyalar taqdim etildi.

Tadbir doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi va EXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi hamda EXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Top