14:10 / 13.11.2020
6590

Ipoteka-bank: bankning xalqaro obligatsiyalari yirik xorijiy investorlarga sotildi

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar doirasida tijorat banklari faoliyatini transformatsiya qilish, ularni xalqaro standartlarga muvofiq faoliyat yuritadigan moliyaviy institutlarga aylantirish, sohaga xorijiy investitsiyalarni kengroq jalb qilish hamda raqobat muhitini kuchaytirish yuzasidan zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Ayniqsa bu borada, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 martdagi PF-5953-sonli va 12 maydagi PF-5992-sonli farmonlari hamda 2019 yil 9 oktyabrdagi PQ-4487-sonli qarori bilan banklarni xalqaro kapital bozori ishtirokchisiga aylanishi uchun zarur huquqiy va tashkiliy asoslari belgilab berildi.

Yuqoridagi farmon va qarorlar ijrosini ta'minlash maqsadida Ipoteka-bank tomonidan joriy yilning 12 noyabr kuni 300 mln AQSh dollari miqdorida 5 yillik xalqaro obligatsiyalar chiqarildi va bu orqali bank xalqaro kapital bozorining ishtirokchisiga aylandi.

Xalqaro obligatsiyalarning debyut emissiyasi J.P. Morgan (AQSh), Raiffeisen Bank International AG (Avstriya), MUFG (Yaponiya) va Societe Generale (Fransiya) kabi xalqaro miqyosda tan olingan anderrayting banklari tavsiyalari asosida amalga oshirildi.

Joriy yilning 10-11 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan roud-shou tadbiri doirasida AQSh, Yevropa, Rossiya Federatsiyasi hamda Osiyo mamlakatlarida faoliyat olib borayotgan 70 dan ortiq yetuk xalqaro investorlar ishtirokida global audiokonferensiya (Global Investor Call) o‘tkazildi.

Ushbu tadbir doirasida Moliya vazirligi va Ipoteka-bank vakillari xorijiy investorlarga joriy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlari, shu jumladan hukumatimizning yirik tijorat banklarini kapitallashtirish strategiyasi, ularni xususiylashtirish rejalari, shuningdek, sohaning rivojlanish istiqbollari muhokamalar markazida bo‘ldi. Ayni vaqtda, Ipoteka-bank tomonidan yevroobligatsiyalarning chiqarilishi nafaqat bank, balki butun mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim voqea ekanligi ta'kidlab o‘tildi. Bu bo‘yicha, 20 nafarga yaqin yirik xalqaro investorlar bilan yakkama-yakka uchrashuvlar tashkil etildi va muzokaralar o‘tkazildi.

Yirik investorlar so‘nggi yillarda bankni transformatsiya qilish hamda xususiylashtirish bo‘yicha Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlarga alohida qiziqish bildirdilar.

2020 yil 12 noyabrda investorlarning takliflari asosida moliyaviy konsultantlarning tavsiyalariga ko‘ra, Ipoteka-bankning xalqaro obligatsiyalarining boshlang‘ich foiz stavkasi 5,625% etib belgilandi va London vaqti bilan soat 09:00 da buyurtmalar kitobi ochiq deb e'lon qilindi.

Buyurtmalar hajmi 1 soat ichida 300 mln dollarni tashkil etib, reja qilingan emissiya hajmi to‘liq qoplandi. Savdo jarayonida buyurtmalar hajmi 500 mln AQSh dollaridan oshib, emitent uchun boshlang‘ich foiz stavkasini tushirish imkoniyatini berdi.

London vaqti bilan 15:00 da yakuniy foiz stavkasi va kupon qariyb 0,125% birlikka tushirilib, 5,50% etib belgilandi. Xalqaro obligatsiyalar Buyuk Britaniya (27%), Shveytsariya (22%), Germaniya (18%), AQSh (11%) va boshqa bir qator Yevropa va Osiyo (22%) davlatlarining investorlari orasida taqsimlandi.

Ipoteka-bank tomonidan xalqaro obligatsiyalarning muvaffaqiyatli joylashtirilishi mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, xususan moliyaviy sektor va bank tizimini izchil isloh qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro investorlar tomonidan ijobiy baholanayotganligidan dalolatdir.

Ushbu xalqaro obligatsiyalarni joylashtirishdan tushgan mablag‘larning mamlakatimiz rivojida o‘z hissasini qo‘shadigan investitsion loyihalarni moliyalashtirishga, shuningdek tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadlariga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

«Ipoteka-bank» ATIB Matbuot xizmati

Top