19:10 / 13.11.2020
36229

Xitoy hukumati Jyek Maga qarshi urush e'lon qildi

Si Tszinpin Jyek Maning so‘zlarida shaxsiy obro‘sini to‘kish va Xitoy nazorat organlari faoliyatini shubha ostiga qo‘yishga urinishni ko‘rmoqda.

Ant Group (Alibaba’ning sho‘'ba kompaniyasi) moliyaviy-texnologiya kompaniyasi aksiyalarini joylashtirishni to‘xtatish to‘g‘risida XXR raisi Si Tszinpinning shaxsan o‘zi buyruq bergan. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib The Wall Street Journal xabar berdi.

 Si Tszinpinning noroziligiga Jyek Maning 24 oktabr kuni Shanxaydagi chiqishi sabab bo‘lgan. O‘shanda u mamlakatdagi yuqori texnologiyalar sohasini tartibga soluvchi qoidalarni tanqid qilgandi.

Qayd etilishicha, Si Tszinpin Jyek Maning so‘zlarida shaxsiy obro‘sini to‘kish va Xitoy nazorat organlari faoliyatini shubha ostiga qo‘yishga urinishni ko‘rmoqda.

"Si Tszinpinga eng boy insonlar ro‘yxatiga kirgan-kirmaganligingizning qizig‘i yo‘q. Uni boyib ketganingizdan keyin nima qilayotganingiz va o‘z manfaatlaringizni davlat manfaatlari bilan muvofiqlashtirayotganingiz qiziqtiradi", - degan manbalardan biri.

 Nashrning yozishicha, Ma va Xitoy hukumati o‘rtasidagi munosabatlar ko‘p yillardan buyon keskinligicha qolmoqda: hukumatni tadbirkorning ta'sir doirasi va u egalik qilayotgan kompaniyaning kuchayishi xavotirga solmoqda.

Ant Group o‘z aksiyalarini Shanxay birjasi va Honkongda ikkilamchi ro‘yxatga olishni (listing) rejalashtirgan bo‘lib, joylashtirish 5 noyabr kuni amalga oshirilishi kerak edi. Kompaniya 34,4 milliard dollar jalb qilishni rejalashtirgandi, bu esa tarixdagi eng yirik IPO’ga aylanishi mumkin edi.

Ammo 3 noyabr kuni Ant Group Xitoy regulyatorlaridan IPO to‘xtatilishi to‘g‘risida xabar olganini e'lon qildi. Kompaniya listing yoki ma'lumotni oshkor qilish talablarini bajara olmasligi haqida xabardor etilgan.

Top