15:39 / 14.11.2020
29935

Shuhrat Abdurahmonov uch ayolni 15 sutkaga qamatgani haqidagi audio ikki yil avval yozib olingani aytildi

 Qayd etilishicha, audioyozuvda Andijon viloyati hokimining bildirgan fikri barcha OAV vakillariga emas, aksincha ayrim noxolis OAV xodimlariga nisbatan aytilganligini bilish mumkin.

Internetda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov marhamatlik uch ayolni 15 sutkaga qamatgani haqida gapirgani tarqalgan audioyozuv bo‘yicha viloyat hokimligi matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, audioyozuv Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonovga tegishli ekanligi, ammo ushbu audioyozuv bundan ikki yil muqaddam yozib olinganligi ma'lum bo‘lgan.

 “Bundan tashqari audioyozuvda viloyat hokimining bildirgan fikrida barcha OAV vakillariga emas, aksincha ayrim noxolis OAV xodimlariga nisbatan aytilganligini bilish mumkin.

 Jumladan, o‘tgan davr mobaynida OAV vakillari bilan shaxsan viloyat hokimining ishtirokida 20 dan ziyod ochiq muloqotlar, brifinglar, press turlar hamda matbuot anjumanlari o‘tkazildi.

 Shuningdek viloyat hokimligi respublikamizda faoliyat olib borayotgan barcha OAV vakillari bilan doimiy ravishda Andijon viloyati ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy yangiliklarni yoritib borishda hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Ammo rasmiy munosabatda viloyat hokimi bu gaplarni aynan qachon, qayerda va nima uchun aytgani, xususan Marhamat tumanidan bo‘lgan uch nafar ayol hokim topshirig‘i bilan 15 sutkaga «tiqib qo‘yilgani»ga izoh berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, Internetda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov unga «sassiq gapirgan» marhamatlik uch ayolni 15 sutkaga qamatgani haqida gapirgan audio tarqaldi. Audioda hokim jurnalistlar haqida ham fikr bildirgan.

 

Top