12:18 / 15.11.2020
4149

Samarqandda 1 kilogrammdan ortiq marixuana savdosiga chek qo‘yildi

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati so‘nggi kunlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Kun.uz'ga ma'lumot berdi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi DXX xodimlari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazdi.

Unda fuqaro A.K. 1105,27 gramm «marixuana» giyohvandlik vositasini 35 million so‘mga sotishga kelishib, shundan 15 million so‘m pul mablag‘ini sanab olayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Qoraqalpog‘istonda «DAF»dagi giyohvandlik vositalari fosh bo‘ldi

Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi «Daut-ota» posti xodimlari qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro I.K. boshqaruvidagi «DAF» rusumli yuk avtotransport vositasini bojxona nazoratidan o‘tkazdi.

Natijada, avtomashinada 2 o‘ramda o‘tkir hidli, quritilib maydalangan «marixuana» giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Sud-kimyoviy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, ashyoviy dalil tariqasida olingan o‘tkir hidli, quritilib maydalangan o‘simlik tarkibida giyohvandlik aktiv komponent tetragidrokannabinol borligi va ushbu modda «marixuana» deb nomlanishi hamda uning sof og‘irligi 8,36 grammga teng ekani ma'lum bo‘ldi.

Namanganda 80 mln so‘mlik tovar moddiy boyliklarning yashirin aylanmasiga chek qo‘yildi

Namangan viloyati bojxona boshqarmasi DXX Chegara qo‘shinlari bilan hamkorlikda Yangiqo‘rg‘on tumanida tezkor tadbir o‘tkazdi. Unda chegara oldi hududida yashovchi fuqaro B.Yo.ning yashash xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Xonadonda qo‘shni mamlakatdan noqonuniy olib kirilgan, sifati kafolatlanmagan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan, xorijda ishlab chiqarilgan, umumiy qiymati 80 million so‘mlik 2831 dona sifati kafolatlanmagan kosmetika vositalari saqlanayotgani aniqlandi.

Bektemirda 60 mln so‘mlik sifati kafolatlanmagan dorilar aylanmasiga chek qo‘yildi

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda Bektemir tumanida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Unda fuqarolar X.N. va G‘.X. 9 dona karton qutilarda umumiy qiymati 60 million so‘mlik 2000 dona «STOPER 2GM» nomli dori vositasini shartli xaridorga sotayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Yana bir holatda fuqaro F.Q. umumiy qiymati 76 million so‘mlik sifati kafolatlanmagan 2000 dona «Flenoks 0.4 ml» nomli dori vositalarini shartli xaridorga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Top