00:28 / 16.11.2020
3883

Peruda yaqinda prezident lavozimini egallagan Manuel Merino iste'fosi talab etildi

10 noyabrda Peru prezidenti lavozimini egallagan Manuel Merinoning iste'foga chiqishi talab etilmoqda. Bunday talabni mamlakatning bir qator siyosatchilari, jumladan parlament spikeri Luis Valdes qo‘ymoqda. 

Foto: REUTERS / Peruvian Congress

EFE nashrining xabar berishicha, perulik siyosatchilar mamlakat bo‘ylab o‘tgan noroziliklarni kuch bilan bostirish oqibatida 2 kishi halok bo‘lgandan keyin shunday pozitsiyani egallashgan. Ushbu vaziyat endigina shakllantirilgan o‘tish hukumatidan bir necha vazirning o‘z kursisini tark etishga majbur qilgan. Mamlakatning yangi bosh vaziri Antero Flores-Araos esa uni tayinlagan prezident Merino bilan birgagina iste'foga ketishini aytgan.

Ta'kidlanishicha, Merino azaldan Peruda xushlanmaydi. U parlament sobiq prezident Martin Viskarraga impichment e'lon qilgandan keyin prezident lavozimini egallagandi. Viskarra parlament qaroriga qarshilik ko‘rsatmagan va lavozimini bo‘shatib bergan. Uning o‘rnini avval parlament raisi bo‘lgan Merino egallagan. 

Mamlakat aholisi kongressning ushbu qaroriga qarshi ko‘chalarga chiqqan. O‘tgan hafta davomida Peru bo‘ylab Viskarra qo‘llab-quvvatloviga  va Merinoga qarshi noroziliklar o‘tgan. Politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun rezina o‘qlar va ko‘zni yoshlatuvchi gaz qo‘llagan.

Peru parlamenti 9 noyabrda Viskarraning iste'fosini qo‘llab-quvvatlagan. Deputatlar uni “axloqan layoqatsiz” deb e'lon qilishgan. Viskarraga impichment e'lon qilinishiga 2011-2014 yillarda Mogekua provinsiyasi gubernatori bo‘lgan vaqtida pora olganligi bilan bog‘liq ilgari surilgan ayblov sabab bo‘lgan. Viskarraning o‘zi pora olganini rad etmoqda. U mamlakatda aynan korrupsiyaga qarshi kurashi sababli keng qo‘llab-quvvatlangan.

Top