09:37 / 16.11.2020
4128

SpaceX’ning yangi kemasi to‘rt astronavt bilan koinot stansiyasiga uchirildi 

SpaceX kompaniyasining yangi fazoviy kemasi Crew Dragon-1 bortida 4 astronavt bilan birga Xalqaro koinot stansiyasi tomon uchirildi. Bu kemaning XKSga birinchi muntazam parvozi hisoblanadi. 

Foto: Reuters

Kema AQShning sharqiy sohili vaqti bo‘yicha 15 noyabr soat 19:27da Falcon 9 raketasi yordamida Kanaveral burnidagi kosmodromdan uchirildi. Kema parvozi dastlab 14 noyabrga belgilangandi, biroq noqulay ob-havo sharoiti tufayli bir kunga qoldirilgan. 

Raketa start olgandan 9 daqiqa o‘tgach uning birinchi pog‘onasi Atlantika okeanidagi platformaga qo‘ngan. Keyinroq raketaning ikkinchi pog‘onasi ham ajralib, kema belgilangan orbitaga chiqqan.

Kema bortida 3 nafar amerikalik astronavt – ekipaj sardori Maykl Xopkins, Viktor Glover va Shennon Uoker hamda yaponiyalik astronavt Soiti Noguti bor. Ular XKSda 6 oy qolishadi.

SpaceX’ning birinchi muntazam missiyasi Crew-1 ekipaji hozirda XKSda faoliyat olib borayotgan 64-ekspeditsiya a'zolari – NASA astronavti Ketlin Rubins va rossiyalik fazogirlar Sergey Rijikov va Sergey Kud-Sverchkovga qo‘shiladi.

Crew Dragon’ning XKS bilan tutashuvi 16 noyabr kechki vaqtga belgilangan.   

AQSh prezidenti Donald Tramp NASA’ni muvaffaqiyatli parvoz bilan tabriklagan. U NASA’ning rivojlanishiga katta hissa qo‘shganini ta'kidlab o‘tgan.

“Ajoyib parvoz! Biz NASA bilan shug‘ullanishni boshlaganimizdan oldin u falokatli ahvolda edi. Hozir esa u yana trendda, dunyodagi eng yaxshi, eng ilg‘or koinot markazidir, hammadan ancha oldinda!” – deb yozgan Tramp tvitterda.

Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi odamlarni fazoga yetkazishni boshlagan birinchi xususiy kompaniya hisoblanadi. Crew Dragon kemasining XKSga birinchi sinov parvozi 30 may kuni o‘tkazilgan. O‘shanda koinot stansiyasiga astronavtlar Daglas Xyorli va Robert Benken yetkazilgandi.

Ushbu parvoz NASA’ning shattllar dasturi tugatilgandan keyin AQShning 9 yil ichidagi birinchi boshqariluvchi parvozi bo‘lgan. Bu vaqt davomida astronavtlar koinot stansiyasiga Rossiyaning “Soyuz” kemalarida yetkazilgan.

Mavzuga oid
Top