23:14 / 16.11.2020
13554

Yaponiya iqtisodiyoti oxirgi 50 yil ichidagi rekord o‘sishni namoyish qildi

Yaponiyaning yalpi ichki mahsuloti 2020 yil 3-choragi yakunlariga ko‘ra 2-chorakka nisbatan 5 foiz o‘sdi. Bu Yaponiya iqtisodiyotining oxirgi 4 chorak ichida birinchi o‘sishi hamda oxirgi 50 yil ichidagi rekord ko‘rsatkich bo‘ldi.  

Foto: Getty Images

Bunday rekord o‘sishga koronavirus pandemiyasi birinchi to‘lqinidan keyin eksport hajmi oshishi va iste'molchilik faolligining tiklanishi ko‘mak bergan. Ta'kidlanishicha, joriy yilning 2-choragi YaIM hajmi dinamikasi bo‘yicha Yaponiya tarixidagi eng yomoni bo‘ldi: ushbu chorakda YaIM hajmi 1-chorakka nisbatan 8,2 foizga pasaygan.     

Ta'kidlanishicha, Yaponiya iqtisodiyoti og‘ir kechgan 2-chorakdan keyin hali o‘nglanib olmagan va YaIM hajmi 2019 yilga nisbatan 6 foiz kamni tashkil qilmoqda. Mamlakatda koronavirusga chalinish holatlari yana ko‘paysa va yangi cheklovlar kiritilsa, iqtisodiyot yana retsessiyaga cho‘mishi mumkin.  

“Iqtisodiyot dadillik bilan tiklanmoqda, biroq uni tiklash bo‘yicha ish davom ettirilishi lozim”, deb aytgan Yaponiya iqtisodiyot vaziri Yasutosi Nisimura.

Top