13:22 / 17.11.2020
9008

Bolalarda onkologik kasalliklar yuzaga kelishida embrional omillar asosiy o‘rin egallaydi - mutaxassis

Onkologik kasalliklar nafaqat katta yoshdagi aholi, balki bolalar salomatligiga ham jiddiy ta'sir etayotgan muammolardan biridir. Mutaxassislarning fikricha, bunday kasalliklar profilaktikasiga oid tadbirlarni samarali tashkil etish va kasallikni erta bosqichda aniqlash orqali minglab bemorlarni sog‘lom hayotga qaytarish mumkin. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati vazirlikning bolalar bosh onkologi, tibbiyot fanlari nomzodi Tojiddin Mustafoyev bilan suhbat uyushtirdi.

—  Bugungi kunda bolalar o‘rtasida qanday onkologik kasalliklar ko‘p uchrayapti?

—  Bolalar o‘rtasida uchraydigan onkologik kasalliklar ichida gemablastozlar qariyb 40 foizni tashkil etadi. Shuningdek, markaziy asab tizimi o‘smalari, neyroblastomalar, buyrak, suyak, yumshoq to‘qimalar, quloq, tomoq, burun, jigar va jinsiy a'zolar xavfli o‘smalari uchrab turadi.

—   Bunday kasalliklar kelib chiqishining asosiy sabablari nimada va uning oldini olish uchun nimalarga e'tibor qaratish lozim?

— Bolalarda onkologik kasalliklar yuzaga kelishida embrional omillar asosiy o‘rin egallaydi. Bolalarda xavfli o‘sma kasalliklarining oldini olish uchun, avvalo, ota-ona sog‘lom bo‘lishi, oilada sog‘lom muhit yaratilishi, inson zararli illatlardan xoli bo‘lishi, shuningdek, ekologik muhit musaffoligi juda muhim hisoblanadi.

— Bolada xavfli o‘sma rivojlanayotganini qanday bilish mumkin?

— Bola holsizlanadi, kamqonlik rivojlanib boradi, tana harorati 37-37,5 darajagacha ko‘tariladi. Bundan tashqari, tana vazni kamayadi, periferik limfa tugunlari, jag‘osti, qo‘ltiqosti, bo‘yin, chovlarda limfa tugunlari kattalashadi. Ana shunday alomatlar kuzatilsa, bolani onkolog ko‘rigiga yo‘llash kerak. Bugungi kunda hududlarimizdagi tibbiyot muassasalarida bolalarda onkologik kasalliklarni erta aniqlash va davolash bo‘yicha zamonaviy imkoniyatlar yaratilgan. 

— Ba'zi bolalarda xalqimiz tilida nor, xol deyiladigan hosilalar bo‘ladi. Bular bola uchun xavf tug‘diradimi?

— Nor tibbiyot tilida gemongioma deb ataladi. Bundan tashqari, bolalarda limfangeomalar, suyak osteomalari, yumshoq to‘qimalarda har xil xol ko‘rinishidagi hosilalar uchrab turadi. Bular xavfsiz o‘smalar hisoblanadi. Biroq ba'zilari xavfli o‘smaga aylanishi mumkin. Shu bois, bolaning badanidagi bunday hosilalarni ota-ona o‘z bilganicha bartaraf etishga urinishi, xollarni yulishga harakat qilish yoki har xil yog‘lar surib yo‘qotishga urinish aslo mumkin emas. Bu og‘ir oqibatlarga ham olib kelishi mumkin.

Agar bolaning badanida bunday hosilalar bo‘lsa, albatta, bolani tegishli mutaxassis ko‘rigidan o‘tkazib, shifokor tavsiyalariga amal qilish lozim. Oilalarga kirib borganingizda ota-onalarga bu xususda yetarlicha tushuncha bersangiz bolalar salomatligini asrashga munosib ulush qo‘shgan bo‘lasiz.

—  Papilloma virusi inson sog‘ligiga qanchalik zarar yetkazishi mumkin?

— Papilloma virusli kasallik hisoblanadi. Ayrim ko‘rinishlari onkologik xastaliklarni keltirib chiqaradi. Xususan, ayollardagi bachadon bo‘yni saratoni rivojlanishida aynan papilloma virusi yetakchilik qiladi. Bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida tarqalishi bo‘yicha ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinni egallaydi. 

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoda birgina 2018 yilda bachadon bo‘yni saratoni bilan qariyb 570 ming yangi kasallanish holati qayd etilgan. Har yili shu kasallikdan 311 mingdan ortiq ayol vafot etadi. Jumladan, mamlakatimizda ham har yili minglab ayol bachadon bo‘yni saratoni kasalligiga chalinmoqda. Kasallikning oldini olishning eng maqbul usuli  emlashdir.

Top