18:30 / 17.11.2020
8511

Tojikistonning tashqi qarzi 3 milliard dollardan oshdi

Foto: Illyustrativ

Tojikiston Moliya vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra Tojikistonning tashqi qarzi 3 milliard 163 million dollarni tashkil etgan.

Joriy yil boshida Tojikiston tashqi qarzi 2 milliard 888 million dollarni tashkil etgan. O‘tgan 9 oy mobaynida mamlakatning tashqi qarzi 275 million dollarga oshgan.

Ma'lum qilinishicha, tashqi qarzning 95 foizdan ortig‘i – 3 milliard 18 million dollardan ko‘proq mablag‘ davlat buyurtmalarini bajarishga jalb qilingan. Tashqi qarz tarkibida davlat kafolati bilan olingan qarzlar 91,1 million dollarni, turli korxonalarning davlat kafolatisiz olgan qarzlari – 31,5 million dollarni tashkil etadi.

Tojikiston Milliy bankining Xalqaro valuta fondi, Xitoy va Islom taraqqiyot banki oldidagi qarzlari 22,5 million dollarni tashkil etadi. Joriy yil may oyida Xalqaro valuta fondidan jalb qilingan 189,5 million dollar kredit hisobiga Tojikistonning tashqi qarzi yanada ortgan.

Qo‘shni mamlakatning asosiy kreditori Xitoy hisoblanadi. Tojikiston bu davlatdan taxminan 1,2 milliard dollar qarz. Xalqaro moliya bozorlarida davlat zayomlarini (yevrobondlar) joylashtirish hisobidan olingan qarzlar 500 million dollarni tashkil etadi. Bundan tashqari, Tojikistonning Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki va Xalqaro valuta fondi kabi xalqaro moliya tashkilotlaridan qarzlari bor.

Taqqoslash uchun, O‘zbekistonning tashqi qarzi oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 27,6 milliard dollarni tashkil etadi.

Top