17:40 / 18.11.2020
6811

2020 yilda hokimiyat organlari tomonidan 2 mingdan oshiq yengil avtomashina xarid qilingan – Moliya vazirligi mas'uli

Moliya vazirligi departament boshlig‘i o‘rinbosari Sarvar Nazarov davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tomonidan xarid qilingan yengil avtomobillar statistikasini keltirdi.

«Transport vositalarini xarid qilish uchun 2019 yilda jami 680,4 mlrd so‘m, joriy yilning 1 noyabriga qadar 414,9 mlrd so‘m moliyalashtirib berilgan. Shundan davlat budjeti va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari, shu jumladan, zaxira va qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tomonidan joriy yilning 10 oyi davomida 1357ta shartnoma tuzilib, jami 234 mlrd so‘mga 2032ta turli rusumdagi yengil avtomashinalar xarid qilinishini misol qilib aytishimiz mumkin.

Shundan, vazirlik, idoralar tomonidan jami 1824ta yengil avtomobillar xarid qilinganligi va mahalliy hokimiyat organlari tomonidan 208ta avtomobil xarid qilinganligini misol qilib aytishimiz mumkin», deya Sarvar Nazarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Moliya vazirligi mas'uli qimmatbaho avtomobillarning xarid qilinishi qaysi qonunchilik normalariga muvofiq amalga oshirilishi haqida ham gapirdi.

«Hozirgi kunda amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 154-sonli qaroriga asosan, limitlar doirasida agar budjet tashkilotlari avtomashinalarni xarid qilmoqchi bo‘lgan taqdirda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda amalga oshirishi, shu bilan birga Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetidan ham mablag‘ oluvchi tashkilotlar tomonidan tegishli ravishda vazirlik kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishilgan holda sotib olishi ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 153-sonli qarori mavjud. Shu asosda tashkilotlarga yengil avtomashinalarning cheklangan soni, limitlari belgilab o‘tilgan. Yuqoridagi qonun hujjatlariga muvofiq, budjet buyurtmachilari ushbu limitlar doirasida yengil xizmat avtomashinalarini xarid qilinishi amalga oshirilishi lozim», dedi Moliya vazirligi vakili «Davlat xaridlari: ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash, tizimni takomillashtirishning dolzarb jihatlari» mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

Avvalroq, moliya vaziri tomonidan davlat amaldorlari uchun qanday avtomobil sotib olinishi mumkinligi aniq belgilab qo‘yilishi aytilgandi.

Top