22:30 / 21.11.2020
52678

Samarqand shahrida er xotini va yana bir erkakni odamlar oldida pichoqlab o‘ldirdi

20 noyabr, juma kuni Samarqand shahridagi Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida qotillik sodir bo‘ldi.

Illyustrativ foto

Soat 19:00 lar atrofida Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan texnika do‘konida noma'lum erkak o‘z xotini va xotinining jazmani deb shubha qilgan erkakni pichoqlaydi. Har ikki yarador ko‘p qon yo‘qotish oqibatida voqea joyida halok bo‘ladi.

Samarqand viloyat prokuraturasi vakilining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, Past Darg‘om tumanida yashovchi erkak Samarqand shahrida «Neksiya-3» mashinasida xotinini mashina haydovchisi bilan birga ko‘radi. Shundan so‘ng, uyiga borib, pichog‘ini olib keladi va kuzatuvni davom ettiradi.

Xotini va uning jazmani ekani aytilayotgan erkakni Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi telefon va texnika mahsulotlari sotiladigan do‘konda ko‘rgan er ularning orqasidan kirib do‘konning ichida, odamlar ko‘z o‘ngida pichoqlab o‘ldirgan. Kun.uz muxbiri voqea tafsilotlarini aniqlash uchun qotillik sodir bo‘lgan do‘konga bordi, biroq na do‘kondorlar va na bino qorovullari nima bo‘lganini ko‘rmaganliklarini aytishdi.

Kun.uz muxbirining aniqlashicha, qotil voqea joyida qo‘lga olingan. Viloyat IIB ish bo‘yicha dastlabki surishtruv harakatlari yakunlangach, rasmiy ma'lumot berishini ma'lum qildi.

Top