21:16 / 22.11.2020
13498

JSST Yevropaga koronavirusning uchinchi to‘lqini xavf solayotganidan ogohlantirdi  

Yevropa davlatlari koronavirusga qarshi zarur infratuzilmani yaratmasalar, unda 2021 yilning ilk oylarida ular virusning uchinchi to‘lqiniga to‘qnash kelishlari mumkin. Bundan JSSTning koronavirus bo‘yicha maxsus vakili Devid Nabarro Solothurner Zeitung nashriga bergan intervyusida ogohlantirdi.      

Foto: Reuters

“Yevropaning pandemiyaga javobi yetarlicha bo‘lmadi. Ular birinchi to‘lqinni nazorat ostiga olgandan keyin yoz oylarida zarur infratuzilmani qura olishmadi. Endi esa sizlarda ikkinchi to‘lqin kuzatilmoqda. Agar ular hozir ham infratuzilmani qurishmasa, unda keyingi yil boshida ularda uchinchi to‘lqin bo‘ladi”, deb ogohlantirib o‘tgan Nabarro.    

Uning ta'kidlashicha, har bir davlatda mahalliy darajada kasallanganlarni aniqlash jarayonini tashkillashtirish hamda kasallanishlar zanjirini uzish lozim.

“G‘arbiy Yevropa davlatlarining vazifasi o‘zini yakkalashni qo‘llamay, virus ustidan nazoratni yana qo‘lga olishdan iborat. Chunki o‘zini yakkalash qo‘pol vositadir. Siz bunga katta haq to‘lamoqdasiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Nabarro.      

JSST vakili koronavirusga qarshi kurashda Osiyoni o‘rnak qilib ko‘rsatgan. Uning ta'kidlashicha, u yerda odamlar zarur ehtiyotkorlik choralariga, jumladan niqob taqish va ijtimoiy masofani saqlashga amal qilishmoqda, salomatlik va iqtisodiyot o‘rtasida tanlov qilish masalasi qo‘yilmagan. “Osiyo davlatlarida iqtisodiyotni yo‘lga qo‘yish uchun yaxshi salomatlik zarur, deb aytishadi. “Yoki iqtisodiyot, yoki salomatlik” degan narsa yo‘q”, deb ta'kidlab o‘tgan Nabarro. 

JSST ma'lumotlariga ko‘ra, Yevropada dunyoning qolgan mintaqalariga nisbatan ko‘proq yangi kasallanish holatlari qayd etilmoqda. O‘tgan hafta Yevropa davlatlariga dunyodagi yangi kasallanish holatlarining 46 foizi hamda o‘lim holatlarining 49 foizi to‘g‘ri kelgan.   

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top