18:50 / 24.11.2020
26955

Deputat G‘aniyev bilan suhbat. 2-qism: gazsiz qish, «UzAuto» bilan ziddiyat va «Robin Hud emasligi» haqida

Bir necha kun oldin Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev bilan suhbatni e'lon qilgan edik. Bugun faol va ochiq gapira oladigan kam sonli deputatlardan biri bo‘lgan Doniyor G‘aniyev bilan suhbatning ikkinchi qismini e'tiboringizga havola qilamiz. Deputat mamlakatdagi ko‘plab muammolar, Angliyadan O‘zbekistonga qaytganidagi gazsiz, sovuq qish, odamlarning murojaatlari va jamiyatning siyosiy intellekti oshishi haqida fikr bildirdi. Juda samimiy ruhda o‘tgan suhbatning video va matnli ko‘rinishini aynan keltiramiz.

– Deputatlar ko‘p, Oliy Majlisni to‘ldirib o‘tirasiz majlislarda. Lekin qanaqadir muammolarni olib chiqayotganda, asosan 3-4 kishisizlar. Boshqalar qo‘shilmayotgani, muammoga umuman yaqin kelmayotgani, och qornim – tinch qulog‘im deb, faqat sessiyaga kelib-ketayotgan deputatlarni uyg‘otish yo‘li haqida hech o‘ylab ko‘rganmisizlar? Nimaga deputat deputatga yelkadosh bo‘lmaydi?

– To‘g‘ri, jamoatchilikning ko‘ziga ko‘rinadigan sanoqli deputatlar bor, lekin bu qolgan deputatlar ishlamaydi, degani emas. Aslida deputatning ishi birinchi navbatda qonun ijodkorligi va bu yuridik bilimlarni talab qiladi. Uzoq vaqt qog‘ozlar ustida o‘tirish kerak. Bu jarayonda ishlaydigan faol, o‘z ishining ustasi bo‘lgan deputatlar bor. Men masalan, deputat bo‘lganim bilan yuridik bilimim yo‘qligi va hali yangiligim uchun juda ko‘p qiynalyapman. Tajribali deputatlarning ishini ko‘rib, ulardan o‘rganyapman.

Bunday deputatlardan tashqari mayda bo‘lsa ham kelgan murojaatlar yoki saylovchilar bilan bo‘lgan murojaatlar, imkon qadar hal qilib, odamlarga yaxshilik qilish harakatida yurgan deputatlar ham ko‘p. Ya'ni niyati faqat kelib, o‘tirib, oylikni olib ketish emas, haqiqatan odamlarga yaxshilik qilishni, yordami tegishini istaydigan deputatlar juda ko‘p. Faqatgina kimdir uni jamoatchilikka olib chiqishni bilmaydi yoki kimdir ko‘zdan panada bo‘lishni istaydi – yaxshilik qilish imkoniyatimni ham yo‘qotib qo‘ymay, birovning ko‘ziga xunuk ko‘rinib qolmay deb, ehtiyotkor bo‘lib, birovga bildirmay, imkon qadar o‘zining ishini bajarishga harakat qiladi.

Lekin ikkinchi gapingiz ham to‘g‘ri, ba'zida ayrim masalalarda qanchalik jon kuydirmang, ko‘pchilik ovozi bilan o‘sha masalaning o‘tib ketishi hafsalangizni pir qiladi. Eng alam qiladigani, o‘sha faolligingizga, o‘sha faol bo‘lganingizdan keyin yoshi kattaroq deputat orqali sizga bu faolligingizni kamaytirishga nasihat xabar tarzida jo‘natiladi: «Yoqmayapsiz, ko‘pchilikning vaqtini olmang, nima keragi bor?» Qisqa muddat ichida menda bunday holatlar ko‘p bo‘ldi.

– Bitta misol keltiring.

– Masalan, «Til to‘g‘risida»gi qonun loyihasi, Sardoba masalalari bo‘ldi. Bosim bu – ijro hokimiyatidan rasmiy bir qo‘rqituv bosimi emas, o‘sha o‘z atrofingizdagi hamkasblaringiz yoki oilangizdagilar, balki ular ham sizni o‘ylab, siz uchun qo‘rqib, siz uchun qayg‘urib, «nima keragi bor shuni, baribir foydasi yo‘q, jim ishlab kelaver» deyishadi... Keyin o‘ylashni boshlaysiz: «Menga nima, hamma sharoitni yaratib bergan davlat, men ham hamma qatori kelib-ketib, 5 yilni o‘tkazib olay, keyin yana chet elga ketaman», degan fikr keladi-da, lekin ma'lum bir muddatdan keyin murojaatlar keladi yoki kun tartibidagi mavzularni ko‘rib, yana ishingizga qaytasiz.

– Besh yil hazil davr emas, shu davr ichida qanchalab shunday fikrga keladi odam. Ya'ni o‘sha jo‘shib-yonib turishadi. Bir marta bosishadi, ikki marta bosishadi. Tashabbuslaringiz o‘tmay qoladi. E, bor-ye, menga nima degani deputatning tugagani shu emasmi?

– Bu tabiiy jarayon, inson tepaga, pastga tushadi va eng muhimi, mana shu pastga tushganingizda qolib ketmaslik. Ya'ni, ma'lum muddat o‘tgandan keyin atrofingizda bo‘layotgan voqealarga befarq bo‘lib qolmaslik, mana shu eng muhimi. Qachondir, balki, men ham to‘xtab qolsam, u deputatning tugashi bo‘lishi mumkin. O‘zimning shaxsiy tugashim bo‘lishi mumkin. Befarq bo‘lib qolsam, shunday bo‘lishi mumkin.

– Doniyor gapiraveradi, chunki orqasida «tanka»si bor yoki hukumatda ishongan odami bor, gapiradi. Agar bo‘lmaganda, gapirmagan bo‘lardi, deyishadi...

– Bunga qo‘shilmagan bo‘lardim. Hech qachon gapimni kimdir himoya qiladi deb o‘ylamaganman.

– Biror mavzuni ko‘tarayotganda hech ham o‘ylamaysiz-a?

– Aksincha, menda teskarisi bo‘ladi. Ko‘pincha, orqasi deyayotgan odamlar mening kuchsiz tomonim bo‘lib qoladi. Ularga mening gapirgan gapim jazo yoki kamchilik sifatida borishidan qo‘rqaman. Bu eng yomon narsa, agar o‘zingizga kelsa, bu xato o‘zingizniki va o‘zingiz javob berasiz.

Men o‘zimni haqiqatparvar, Robin Hud yoki nihoyatda obektiv odam deb hisoblamayman. Juda ko‘p holatlar bo‘ladi. Men ham sub'yektiv yondashaman masalalarga. Qaysidir joylarda manfaatdan kelib chiqib yondashaman, men ham insonman. Faqat haqiqatni gapiraman, demoqchi emasman. Imkon qadar gapiraman, gapira olmagan joyimda sukut saqlayman. Hamma joyda to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin, lekin to‘g‘ri bo‘lishga harakat qilaman.

– Xalqning muammolari ko‘p, avval haqiqatan ham yopiq bo‘lgan ekanmizki, biror narsa gapira olmaganmiz yoki o‘sha muammolarning ko‘pligi va ko‘lamini biz bilmaganmiz. Bizga ko‘rsatilganinigina bilganmiz. Hozir qarasangiz, har qadamda muammo: kommunal xizmat, qurilish, korrupsiya, oliy ta'lim, o‘rta ta'lim, ro‘mol, soqol, diniy erkinlik, bag‘rikenglik, monopoliya. Shuncha muammolar orasidan «UzAuto» bilan bog‘liq muammo orqaligina ko‘rinib qoldingiz. Keyin tabiiy savol tug‘iladi: Doniyor bilan Rasulning (Kusherbayev) «UzAuto»dan boshqa muammosi bormi? Shuncha muammo bo‘la turib, bular nega «UzAuto»ga yopishib oldi?

– «UzAuto»ga «yopishish» masalasi, to‘g‘risini aytish kerak, kutilmagan holat bo‘lgandi. Birinchi videoyig‘ilishga ham men yarim soat oldin chaqirilgan edim va u yerga hech qanday tayyorgarliksiz kirganman. O‘sha yerda suhbatni eshitib o‘tirib, ularning og‘zidan chiqayotgan gaplar qanchalik mantiqsizligini o‘zlariga qaytarib berdim, shuning orqasidan boshlanib ketdi. Endi qayerga borsangiz, odamlar shuni so‘rayapti... Bizda ta'lim yoki boshqa masalalardan ko‘ra mashina muammosi kun tartibimizning boshida turar ekan-da. Ya'ni jamiyatda yoshlarning olayotgan ta'limi, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarga nisbatan hammaga mashina ko‘proq qiziq ekan.

Lekin men buning orqasidan ataylab tadbirlar quvlab yurganim yo‘q, faqat vaqti kelganda so‘rov yuboryapmiz. «UzAuto»ga oid xabar chiqqanda, bu yangilik sifatida tez tarqab, izohlar ko‘payib ketyaptiki, xuddi boshqa masala yo‘qdek. Lekin men asli deputatlik faoliyatimda ko‘proq qonun ijodkorligi bilan shug‘ullanyapman. To‘g‘ri, deputat bu siyosatchi, siyosatchi tabiiy tarzda jamiyatda bo‘layotgan har bitta voqeaga imkon qadar munosabat bildirib borishi kerak. Lekin bu mening funksional vazifam emas-da.

Endi o‘zimga qoida qilib boryapman imkon qadar, tushuncham bor, aqlim yetadigan mavzularga munosabat bildirishga harakat qilyapman. Hamma yoqqa munosabat bildirish ham yaxshi narsa emas ekan. Chunki hamma narsaga aralashish ham, hamma narsada o‘zingizni aqlli, bilimdon qilib ko‘rsatish ham populizmga to‘g‘ri kelarkan. Hamma sohaning o‘z mutaxassisi bor. Agar biroz bu sohani tushunsangiz, mayli, munosabat bildiring.

Men deputatman va menga murojaatlar tushadi, bu borada vazirliklarga chiqaman. Hozir shunday jarayonki, oddiy deputatning vazirliklarda uncha hurmati ham yo‘q, mensishmaydi. Lekin sal tanilgan bo‘lsangiz, jamiyatda sizning fikringiz ommalashganini bilishsa, siz bilan hisoblashishga majbur bo‘lishyapti. Shundan yaxshi ma'noda foydalanishga majburman. Qaysidir ma'noda imij yaratishim kerak. O‘zingizning shaxsiy manfaatingiz uchun emas, ertaga gapingiz bir joyda o‘tishi uchun, sizga kelgan murojaatni yechishda richagingiz bo‘lishi uchun jamoatchilik oldida ko‘ringan bo‘lsangiz, foydasi bo‘ladi. Vazirliklarga chiqqaningizda, u siz haqingizda eshitgan, bilgan, siz bilan gaplashganda murojaatingizga quloq solishga harakat qiladi.

– Bitta monopoliya haqida gaplashdik. Siz bu borada birinchi mag‘lubiyatga uchradingiz («UzAuto»ga sudda yutqazish nazarda tutilmoqda). «Urush»dagi emas, lokal jangdagi mag‘lubiyat. Shu mag‘lubiyatni deb, vaqtinchalik mag‘lubiyatni deylik, hech narsa qila olmading, deb istehzo qilganlar bo‘ldimi? Og‘ir botdimi?

– Og‘ir botgani yo‘q, sababi, yutqazish ehtimoli balandligini o‘zim ham bilardim. Juda katta ishonch yo‘q edi. Lekin o‘n kishi istehzoli gapirsa ham ko‘chada bir kishi sizga rahmat aytsa, o‘sha o‘n kishining gapini bosib ketadi. Jamiyatdagi muammolarni bir kishi yecha olmaydi. O‘sha sanalgan muammolarning yaratuvchisi ham o‘zimiz, eng qizig‘i. Hech kim tashqaridan kelib bu muammolarni yaratib, ustimizdan kaltak urib, bizni ushlab turgani yo‘q. Muammolarni yaratayotgan, uni ushlab turgan, undan manfaat topayotgan xuddi siz bilan menga o‘xshagan, oramizda, jamiyatda yashayotgan odamlar. Katta ehtimol bilan shu muammodan shikoyat qilayotganlar o‘zida shu imkoniyat bo‘lib qolsa, o‘sha muammo davom etadi. Bugun noliyotgan odamning o‘zida imkoniyat bo‘lib, o‘zi uning o‘rnida bo‘lib qoladigan bo‘lsa, qaror beruvchi yoki u muammodan manfaat topayotgan bo‘lsa, katta ehtimol bilan u e'tiroz bildirmay qo‘yadi. Chunki biz shunday jamiyatmiz. O‘zimizni o‘zimiz aldashimiz mumkin, lekin o‘ntadan to‘qqiztamiz menimcha, shunaqamiz.

Oyga uchish haqida bir hikoya o‘qigandim. Jon Kennedi NASA'ga borgan ekan, u yerda bir farrosh qattiq ishlayotganini ko‘ribdi. Shunda rahmat aytib, juda ham ishingga berilgan ekansan, desa, farrosh men bu yerda pol artayotganim yo‘q, oyga uchadigan missiyaga o‘z hissamni qo‘shyapman, degan ekan. U daxldorlik hissini va qilayotgan ishi qanchalik katta yoki kichkinaligidan qat'i nazar eng muhimi, jamiyat sifatida qo‘yilgan katta bir maqsadga qaratilganini his qilish va men ham ko‘pincha o‘zimni shu bilan aldab yuraman. Men bitta boltman, oddiy bir bolt, lekin har qanday muammoni yechish uchun mendek boltdan minglab, millionlab kerak.

– Farg‘onadagi uyingizda, eski hovlida gaz bilan «svet» bormi?

– Marg‘ilondagi hovlimizda, ota hovlim, hozir onam, ukam turadilar. Gaz, adashmasam, yo o‘n yil, yo sakkiz yil oldin uzilgan. Marg‘ilonda elektr energiyasi yaxshi. Asosiy joylarda yaxshi. 2018 yilda ukamning to‘yida uyimizni ta'mirlayotganda trubalarni kestirib yuborganmiz. Xunuk turgani uchun qachondir gaz kelsa, ularmiz, degan maqsadda uzdirganmiz. Marg‘ilonda eng katta muammo gaz. Saylov jarayonida ham buning eng katta muammo ekanini bilganman. 50 ta mahalla bo‘lsa, 20 tasida gaz bor, 30 tasida yo‘q. O‘zimning mahallamda yo‘q va hozir ishonsangiz, Marg‘ilonga saylovchilar bilan uchrashgani borishga qo‘rqyapman. Imkon qadar orqaga suryapman, bahona qilib, o‘zimni o‘zim aldab. Chunki bilaman, muammo bitta. Elektr esa shaharda yaxshi, ko‘z tegmasin. Oxirgi 2-3 yilda elektr muammosi yechilgan. Qaysidir qismlarda o‘chsa kerak. Lekin 80-90 foiz yaxshi. Lekin gaz juda ham katta muammo. Borganim bilan, oldimda ikki xil vaziyat turadi. U odamni tinchlantirish uchun yo men yolg‘on gapirishim kerak, yoki quruq va'da berishim kerak. Yoki rost narsani gapirib, badtar uni olovlatishim kerak.

Saylovoldi dasturimda ham bu borada oldimga maqsad qo‘yganman. Sobiq viloyat hokimining o‘zi marg‘ilonlik bo‘lgani, vaziyatni bilgani uchun, bu masalani qayta-qayta ko‘tarib, muhokamaga kiritishga erishganmiz. Marg‘ilonda ko‘p qavatli uylar bor, 250 dan ortiq. Bu uylarning hammasida markazlashgan isitish tizimi yo‘q. Oldin bo‘lgan, keyin sovet davridan keyin talon-taroj bo‘lib, bor tizim ham yo‘q bo‘lib ketgan. Bugun hamma uylar bor gazni ko‘p qavatli uylarga beramiz. Chunki ularda o‘tin yoqish yoki boshqa isitish imkoniyati yo‘q. «Dom»dagilarga og‘ir. Shuning uchun ularga gaz beramiz. Isitadigan gazni baland qilib yoqib qo‘yadi-da, uyni o‘sha bilan isitadi. Bu birinchidan xavfsizlik nuqtayi nazaridan juda ham yomon. Ikkinchisi, gazni noto‘g‘ri ishlatyapmiz. Uvol bo‘lyapti gaz. Samarasiz foydalanyapmiz.

O‘z navbatida pul to‘lash nuqtayi nazaridan ham istalmagan talon-tarojlikka duch kelyapmiz. Ya'ni u kishi boshiga olgan, hisoblagich emas, lekin gaz yonib yotibdi. Qarabsizki to‘langan pul oz va muammo kattalashib bormoqda. Shuning uchun biz ikki yil oldin rejani boshlab, nihoyat 2020 yil dasturiga kiritishga erishganmiz – uch yil davomida 2020-22 yilda shaharning bir qismida 150 ta uyga markazlashgan isitish tizimini tiklash bo‘yicha. 120 mlrd so‘mlik loyiha bu. 2020 yil dasturida 30 mlrd ajratilgan. Ishlar boshlangan. 3 yilda hammasi yaxshi bo‘lib tursa, 2022 yilda bu loyiha tamomlanadi. Marg‘ilonga berilgan gaz hajmini kesmaslikni va'da qilishgan. Ko‘p qavatli uylarga markazlashgan isitish tizimi orqali tejalgan gazni shaharning boshqa mahallalariga, hozir 30 dan ortiq mahallada gaz yo‘q bo‘lsa, kamida yana yigirmata mahallani gazlashtirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Odamlarga buni borib aytsangiz, uncha qiziqish bo‘lmaydi. Sababi ular bugun so‘raydi-da.

Angliyadan bir marta qishda kelganman va oxirgisi ham bo‘lgan, shu qishdan keyin O‘zbekistonga qishda kelmayman, deb achchiq qilib ketganman. Uy sovuq. Hammomga kirsangiz, issiq suvni «tent» orqali isitardik, tent isisa, chiroq o‘chib qolardi, chiroq bo‘lsa, suv isimasdi. Qiyinchiliklar bo‘lardi. Shuning uchun qishda kelmayman, deb ketardim.

– Hozirgi holatingizdan voz kechib, fermer, dehqon, hunarmand-usta, umuman jamiyatga foydasi tegadigan oddiy inson bo‘lib ketishingiz mumkinmi?

– Men o‘zim xohlayman. Ko‘pincha, hafsalam pir bo‘lganda. Mana, hozir magistraturada ilmiy ish qilish niyatim bor. Ilmiy ishimni qilib olsam, o‘qituvchilik qilish niyatim bor. Nimagadir pedagogikaga qiziqaman. Nasib qilsa, bir kun o‘qituvchilik qilaman. Ukam ishlaydi oliy ta'limda. Oyliklar juda yaxshi bo‘lib qolgan. Qoniqarli darajaga chiqqan. Qachondir balki kareram tugaganda oliy ta'limda, universitetda iqtisodiyotmi, iqtisodiy sohaga oid, auditmi, buxgalteriyami, shu sohada dars berib, pedagoglik faoliyati bilan shug‘ullanishni orzu qilaman. Niyatim bor.

– Ilmiy ish qilishga ketadigan salohiyat, aqlni o‘tin yorishga sarflamaslik kerak...

– Bir blokda ketibdi, kimdir gapiribdi. Bo‘yinbog‘ taqqanlarning oyligi baland, yer chopganlarniki oz va eng qizig‘i, ana shu syujyetga mening «UzAuto»da gapirayotgan joyimni qo‘yibdi. Xuddiki, men bo‘yinbog‘ taqqanim uchun baland oylik olyapman. Yer chopayotgan oz oylik olyapti va men uning haqini yeyotgandek. Mehnat qilayotgan odamning mehnati juda yuksak. Men buni tushunaman. Uni ardoqlash kerak. Jismoniy mehnat oson emas. Men o‘zim ham o‘tganman o‘sha fazadan. Xorijda o‘qiyotganimda juda ko‘p mehnat qilganman: oddiy ishchi bo‘lib ishlaganman, magazinda ishlaganman – hamma ishni qilganman. Lekin biz odamlarning mehnatiga, agar u aqliy mehnat bilan pul topayotgan bo‘lsa, salbiy qaramasligimiz kerak. Aksincha, aqliy mehnat bilan pul topadigan jamiyatga aylanishimiz kerak. Paxtani olaylik, unda bir necha million odam qatnashadi. 3 million tonna paxta teryapmiz. U bir million tonna tola bo‘lyapti. Tolani 1,5 dollardan hisoblasak, u 1,5 mlrd dollar. Mayli, uni qayta ishlaylik, kalava ipga aylantiryapmiz. 2,5 mlrd dollar ham bo‘lmaydi. Bor ana 4 mlrd dollar ham deng. 4 milliardga bir necha million odam band.

Telefon kompaniyalarni olaylik. Arrle jismoniy mehnat qilmaydi. Jismoniy mehnatni mana, Xitoyda ishchi qiladi, o‘tirib olib teradi. Bir necha yuz sonli ishchi Koliforniyada o‘tirib, dizayn qiladi, ya'ni, aqliy mehnatini qiladi. Lekin uning topayotgan daromadi bizning butun O‘zbekistonning yalpi ichki mahsulotidan ko‘p. Ya'ni, bir necha ming odam o‘ttiz million odamning ishini qilyapti. Masalan, siz ming dollarga telefon olyapsiz, to‘g‘rimi, kimnidir necha soatlik mehnatini siz o‘sha pulni, deylik, 6 oyda toparsiz. Olti oylik mehnatingizga almashtiryapsiz. Chunki iqtisodiyot barterdan iborat. Qilgan mehnatingiz aqliy bo‘ladimi, jismoniy bo‘ladimi, uni pul ko‘rinishida bir narsalarga almashtirasiz. Xizmat sotib olasiz, mahsulot sotib olasiz, mehnatingizni, kuchingizni baholayapsiz. Bu bilan men jismoniy mehnat yomon demoqchi emasman, faqat shu bilan bo‘lib qolganimiz, innovatsion, aqliy narsalar yaratmayotganimiz uchun biz o‘zimiz yillab qilgan yoki minglab odam qilgan mehnatni kimnidir bir kunlik mehnatiga almashtiryapmiz. Bu juda ham ayanchli holat. Hamma o‘zining ishini qilishi kerak. Kimdir aqliy joydan foyda bersa, kimdir jismoniy joydan foyda beradi. Mehnatni ajratish – xato.

– Avvalgi va hozirgi davrni solishtirishdagi so‘nggi solishtiruv: avval mumkin emasdi, hozir mumkin. Hozir mumkin-ku, xohlagancha gapir, menga farqi yo‘q. Men tebranmayman, tepsang ham. Shunaqamasmi?

– Hozir tebranmas, lekin baribir tebranishga majbur bo‘ladi. Eng muhimi, biz gapirishni boshlab oldik. Buning o‘zi katta yutuq. Bu muammolarning yechimi ham bir kunda bo‘lmaydi. Kecha shuni gapira olmas edik. Bir maishiy masalalarni ko‘rsangiz, bugun oddiy holga aylanib qolgan. Faqat biz unga o‘rganganimiz uchun shunaqa. Inson zoti ko‘p, ko‘p, ko‘p so‘rashni boshlaydi-da. Aslida siz bilan mening o‘tirganim ham bugungi siyosat mevasi. Men ishonch bilan aytamanki, bugungi siyosat bo‘lmaganda katta ehtimol bilan O‘zbekistonda bo‘lmagan bo‘lardim. Kutish bilan reallik orasida tafovut katta. Biz kutayotgan narsa katta, reallik ancha orqada. Va bu narsa sekin-sekin uyg‘unlashadi. Biz kutayotgan darajamiz pasayadi va reallik ham ko‘tariladi. O‘sha iqtisodiyotda muvofiqlik termini bor. Talab va taklif uchrashadiganga o‘xshab, qachondir bu narsa ham o‘z joyiga keladi.

– Sir emas, har qanday rivojlangan jamiyat qonun ustiga quriladi. Qonun ustuvorligiga quriladi. O‘n yil haqida gapiramizmi, besh yildami, monopoliyami, hammasi qonunga borib taqalyapti. Uni ishlashga taqalyapti. Rahbarlar, hokimlar va oddiy odamlar. Nimaga qonun hammaga bir xilmas? Nimaga biz rahbarlarni kechiryapmiz-da, oddiy odamlarni kichkina xatosi uchun ham kechirmayapmiz?

– Biror jamiyat yo‘qki, o‘n ballik shkalada o‘n oladigan, qonun ustuvorligi to‘liq ta'minlangan bo‘lsa. Hozirgi holatimiz o‘n bir ballik shkalada uch bilan to‘rtning orasida, menimcha. Sababi rahbarlarda ham quyi qatlamda jazo qo‘llanilyapti. Endi bu narsa sekin-sekin lavozim darajasida yuqorilab borishi kerak. Bunda imkon qadar yuqori lavozimdagi rahbarlar namuna bo‘lishi kerak. Davlatlarning tarixida burilish nuqta bo‘lishi kerak-da. Qaysidir voqea bunday holatlarning burilish nuqtasi bo‘ladi. O‘ylaymanki, bizda ham qachondir shunday qat'iy burilish nuqta bo‘ladi. Ikkinchi tomoni, mentalitetda. Juda ko‘p qonundan noliydiganlar o‘ziga ishlamayotgani uchun noliydi. Agar o‘sha qonunning ishlamayotgani o‘zining manfaatiga bo‘lsa, teskari qarab ketishni ma'qul ko‘ramiz. Jamiyatimizning juda katta qismi o‘z manfaatini ko‘pchilikning manfaatidan ustun qo‘yadi. Toki biz shuni o‘zgartira olmas ekanmiz, o‘sha 10-20 foiz ko‘pchilik manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘yadigan jamiyat shakllantira olmas ekanmiz, qonun ustuvorligini ham ta'minlashimiz qiyin bo‘ladi.

– Ishni o‘zimizni isloh qilishdan boshlashimiz kerak...

– Albatta, xuddi shu fikrdaman.

– Rahmat sizga. Menimcha, yana fikrlashsak kerak. Muammolar tugamas ekan, biz siz bilan fikrlashaveramiz.

– Fikr buloqqa o‘xshab boshlagandan keyin to‘xtamaydigan jarayon. Eng muhimi, dunyoqarashingizga mos keladigan inson bilan fikrlashish va fikr almashish...

Bobur Akmalov suhbatlashdi

Top